Yaponiya avgust oxirida Fukushima atom elektrostansiyasidan 1,3 milliondan ortiq kubometr suvni Tinch okeaniga oqizishni boshlashni rejalamoqda. Inshoot 2011-yilda zilzila va tsunami ta’sirida avariyaga uchrab, uchta reaktori erib ketgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Suv reaktorlarni sovitish uchun ishlatiladi. Suvdan aksariyat ifloslantiruvchi radioaktiv moddalar olib tashlanganiga qaramay, uning tarkibida tritiy kabi radioaktiv modda qoladi.
“Tritiy tabiiy element. Suv, oziq-ovqat va hatto havo tarkibida mavjud. Tarkibida suv bo’lgan har narsada tritiy bo’ladi. Barcha atom elektrostansiyalari oz miqdorda tritiy ishlab chiqaradi. U yo havoga bug’lantiriladi yoki suvga oqiziladi”, - deydi Yaponiya hukumatiga maslahatchilik qilayotgan amerikalik olim Pol Dikmen.
Yaponiya suvni okeanga bir necha yil davomida oqizmoqchi. Tritiy konsentratsiyasi suv sifati ichimlik suvi me'yorlaridan oshgunga qadar suyultiriladi.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik o’tgan oy ushbu rejani ma’qulladi, biroq atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi ayrim tashkilotlar bundan norozi.
Yaponiyalik baliqchilar ham xavotirda.
“Yapon baliqlariga talab pasayadi. Uning xavfsizligiga shubha bilan qarashadi”, - deydi baliq sotuvchilaridan biri.
Ba’zi olimlar Yaponiyaning rejasi xavfsiz ekanini aytadi, biroq qo’shni davlatlar va xususan Xitoy uni tanqid qildi, Yaponiyadan baliq importini cheklab qo’ydi.
Biroq atom elektrostansiyasiga ega mamlakatlarda, jumladan Xitoyda tritiyni dengizga oqizish muntazam ravishda uchrab turadi. Pekin oqizilayotgan suv miqdorini ko’rsatmaydi.
“Xitoy ikkiyuzlamachilik qilyapti. O’zlari qilayotgan narsada Yaponiyani ayblashyapti”, - deydi Dikmen.
Yaponiya turli piar kampaniyalari orqali rejasining xavfsiz ekanini ko’rsatishga harakat qilyapti. Masalan, atom elektrostansiyasining tozalangan oqava suvi to’ldirilgan akvariumga solingan baliqlar hayotini jonli ko’rsatib.