Katta Yigirmalik jahon iqtisodini rivojlantirishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Katta Yigirmalik sammiti qatnashchilari, Brisben, Avstraliya, 15-noyabr, 2014-yil

Dunyo iqtisodiyotining salmoqli qismini tashkil etuvchi 20 davlat rahbarlari Avstraliyaning Brisben shahrida o'tgan sammitda global yalpi ichki mahsulot hajmini kelasi besh yilda ikki trillion dollardan oshirishga qaratilgan rejani qabul qildi.

Shu maqsadda infratuzilmani kengaytirish uchun qo'shimcha sarmoya kiritishga va erkin savdoni kuchaytirishga kelishildi. Hujjatda iqlim o'zgarishiga qarshi keskin chora ko'rish hamda G'arbiy Afrikada tarqalgan ebola virusi bilan xalqaro miqyosda kurashish zarurati bitilgan.

Katta Yigirmalik mezboni, Avstraliya Bosh vaziri Toni Ebbottning aytishicha, olingan majburiyatlar ijrosini davlatlar o'zaro nazorat qiladi.

"Katta Yigirmalikka a'zo mamlakatlar harakatlari tufayli dunyo aholisining hayoti yaxshilandi. Joriy yilda haqiqiy, amaliy natijalarni ko'rdik", - dedi Ebbott.

Sammit so'nggida o'tkazilgan matbuot anjumanida AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo'ylab qilingan uning so'nggi safarlaridan Amerikaning dadil yetakchiligi ko'zga yaqqol tashlangan.

"Qabul qilingan qarorlar natijasida amerikaliklar uchun ish o'rinlari oshadigan bo'ldi, sayyora tozaroq va sog'lomroq bo'ladi, nafaqat G'arbiy Afrika, balki boshqa joylarda ham insonlar hayotini saqlashda muhim qadamlar qo'yildi", - dedi Obama.

Dunyo iqtisodiyotining 85 fozi Katta Yigirmalikka a'zo mamlakatlar hissasiga to'g'ri keladi. Biroq so'nggi paytda Xitoy, Yaponiya, Yevropa va AQShda iqtisodiy o'sish sekinlashgan.