Afg'on prezidenti va general Do'stum o'rtasida kelishmovchiliklar

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (markazda) Vitse-prezident general Abdurashid Do'stum (chapda) bilan, Kobul, 29-sentabr, 2014-yil.

Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum Faryobdagi harbiy amaliyotdan qaytgach, Shibirg’on shahrida Prezident Ashraf G’ani va Bosh ijrochi Abdulla Abdullani tanqid qildi. U prezident G’anini pashtunlarni o’ziga yaqin olib, boshqalarni siyosiy sahnadan o’chirishga harakat qilayotganlikda aybladi. Tahlilchilar nazarida hukumat rahbarlarining kelishmovchiliklari mamlakat tinchligiga salbiy ta’sir qilishi aniq.

Prezident Ashraf G’ani general Abdul Rashid Do’stum so’zlariga munosabat bildirdi. Prezidentning rasmiy sahifasida nashr etilgan bayonotda Do’stumning bunday chiqishlari hukumat vakili ishlariga zid ekani ta’kidlangan.

Bayonotda hukumat aholi tomonidan urush jinoyatlarida ayblanib kelayotgan Tolibon va boshqa jangchilar bilan qonuniy yondashishga va xalq shikoyatlarini tekshirishga mas’ul deyiladi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu Vitse-prezident general Abdul Rashid Do’stumni sudga tortamiz, deganidir.

“General Do’stum oddiy odam emas. U vitse-prezident, ko’p tarafdorga ega. Uning so’zlariga e’tibor berilishi kerak.Bunga birinchi bo’lib Ashraf G’ani jiddiy e’tibor berishi lozim. Vitse-prezident norozimi, buni o’tirib hal qilsin; bayonat bilan javob qaytarmasligi kerak edi. Qonunga ko’ra, vitse-prezident katta vakolatga ega. Uning harbiy tajribasidan xavfsizlikni ta’minlashda foydalanish kerak. Uning tajribalaridan foydalanish o’rniga vakolatlari tortib olingan, bu xavfli”- deydi siyosiy tahlilchi Asadulla Nadim.

Tahlilchi nazarida bunday bayonotlar kelishmovchilikni yanada jiddiylashtiradi. Hukumat asosiy muammolar - xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchliklarni hal etish o’rniga o’zaro tortishuvlarga berilib ketgan, deydi tahlilchi.

Bundan oldin Abdulla Abdulla va prezidentning maxsus namoyandasi Ahmad Ziyo Mas’ud ham rahbariyatni tarafkashlikda ayblagan edi.

“Lekin General Do’stum jiddiyroq va ochiqroq so’zladi”, - deydi suhbatdosh.
“General Do’stum vitse-prezident bo’lib, Ahmad Ziyo Mas’ud prezidentning favqulodda namoyandasi bo’lib, Abdulla Abdulla hukumat ijrochi raisi (bosh vazir) bo’lib norozilik bildirishi bu umumiy vaziyatga salbiy ta’sir qiladi.Afsus, vaziyat shundayki, bular majburan norozliklarni bildiradi”,- deydi Nadim.

Tahlilchi Asadulla Nadimga ko’ra, Ashraf G’ani so’zlarida ikki xillik bor. Aytgan so’zlari va bergan va’dalariga to’xtalmaydi. Saylov targ’ibotlarida guruhdoshlariga va xalqqa bergan va’dalarining birortasini ham amalda tatbiq qilmagan.

Suhbashdosh hukumat rahbarlarini birdamlikka chaqiradi.

“Milliy manfaat shuni taqozo qiladi: barcha rahbarlar bir fikrda bo’lishi kerak. Hammaga haq-huquq, siyosiy va ijroiy kuch berilishi shart. Agar har rahbar o’z qavmiga yon bossa, bu xalqqa zarar yetkazadi”,- deydi Nadim.

Asadullo NadimAshraf G’anini saylov paytidagi guruhdoshlarini ko’ksidan surib, hukumat ishlarida elatdoshlari bilan birga yangi guruh qurganlikda ayblaydi. “Bu bilan G’ani juda katta xato ish qilgan”, deydi u.

General Do’stum Qo’rmoch tumanida unga qarshi rejalangan hujum hukumat odamlarining ishi ekanini ham aytgan.

Prezident bunday ayblovlarning to’g’ri yoki noto’g’ri ekani hali isbotlanadi, deydi.