Suriyada o'lim topgan gruziyalik jangari

  • Amerika Ovozi

Jihodchilar 2014-yilda tarqatgan suratda "Islomiy davlat" a'zolari, shu jumladan gruzin millatiga mansub Umar al-Shishaniy (Tarxan Batirashvili) (chapda) tasvirlangan.

Ma’lum bo’lishicha, Suriyada jangarilar safida ko’plab davlatlardan ko’ngillilar xizmat qilmoqda. Kimdir pul uchun, kimdir esa mafkura uchun. Navbatdagi lavhada Suriyada jang qilayotgan gruziyalik musulmonlar haqida hikoya qilamiz.

Beslan Muxtorov Gruziyadagi qishlog’idan ketganida hamma uni shifokor bo’lib qaytadi deb o’ylagan, chunki u Turkiyadagi nufuzli universitetning tibbiyot fakultetiga o’qishga kirgan edi.

Ammo na Muxtorov, na yaqinlarining orzusi ushaldi. Turkiya xavfsizlik xizmati rasmiylarining bildirishicha, o’tgan yil noyabr oyida Muxtorov Turkiyadan Suriyaga o’tib, bu mamlakat Prezidenti Bashar Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan, al-Qoidaga aloqador “Jabhat al-Nusra” radikal islomiy guruhiga qo’shilgan.

Bir oydan so’ng esa 30 yoshli jangari Rossiya havo hujumlarida halok bo’ldi.

Muxtorov Suriyada o’lgan 17 gruziyalikdan biri. Asosan ozariylar yashaydigan Qorajala ahli hamqishlog’ining taqdirini eshitib hayratga tushdi.

Muxtorovning qarindoshi Mamed Sulaymonov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bunday deydi:

“Otasi bilan gaplashganimda u menga “og’lim Turkiyada universitetda o’qiyotgan edi. Keyin nima bo’lganini bilmayman. Suriyaga ketib, u yerda o’lganini ma’lum qilishdi” deb aytdi”, - deydi Mamed.

Gruziyaliklar radikal mafkura va Gruziyadagi nochor ahvol sabab islomiy jangarilar safiga qo’shilayotgani aytiladi.

“Suriya yoki Iroqqa borib jang qilish haqidagi qarorni har bir kishi o’zi qabul qiladi. Ularni bunga undovchi sabab bitta deyish qiyin”, - deydi Tbilisidagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg’armasi tahlilchisi Bennet Klifford.

“Hammasini odamlarning gapidan bilib olasiz. Odatda birovning o’lgani haqida xabar kelmaguncha, uning jang qilayotganini hech kim bilmaydi ham”, - deydi mutaxassis.

Muxtorov ozariylar yashovchi qishloqda katta bo’lgan. U yerdagi yoshlar orasida radikal mafkurani qabul qilayotganlar kam emas.

Gruziyalik ozariylar shia bo’lsa-da, so’nggi paytlarda o’ta konservativ salafiylik oqimini qabul qilmoqda. Natijada esa jamoa, ayrim oilalar ikkiga bo’linib qolmoqda. Ota-bobolar asrlar davomida qatnagan masjidga ayrim yoshlar endi bormayapti.
“Ba’zi qishloqlarda bizga bitta masjid qarashli bo’lsa, ikkinchisini salafiylar egallab olgan, - deydi muftiy Yasir Aliyev. - Biz islom dinini shu yerda o’qiganlarni imomlikka tayinlaymiz. Lekin men biri Misrda, boshqasi Suriyada o’qigan ikki imomni taniyman”.

Gruziya musulmon yetakchilari fikricha, yoshlarning radikallashishida xorijda tahsil olgan va o’zga mafkurani bu jamoada targ’ib qilayotgan salafiy imomlar sababchi.

“Ular yoshlarning qulog’iga “Suriyada shahid bo’lsang, jannatga tushasan” deya quymoqda. Bu yolg’on”, - deydi muftiy Aliyev.

“Yigitlarimizni o’z saflariga jalb qilayotgan jangarilar ularga “Suriyaga borishing bilan qo’lingga 15 ming dollar beramiz” deb va’da bermoqda. Yigit bu pulni oilamga yuboraman, deydi-da, laqqa tushadi. Aslida bu yolg’on. Hech kim ularga pul bermaydi”, - deydi muftiy.

Uning aytishicha, Yaqin Sharqqa yo’l olayotgan gruziyalik yoshlar oilasiga bu haqda gapirmaydi.

“Yaqinlari ularning jangari bo’lgani haqida o’limidan keyin biladi”, - deydi Aliyev.

Muxtorovning halok bo’lgani haqida uning ota-onasi ikki oydan so’ng xabar topdi.

Uning Suriyaning asosan turkmanlar yashaydigan Latakiya viloyatiga qanday borib qolgani aniq emas. Turkiya xavfsizlik xizmatiga ko’ra, Muxtorov chegarani 2015-yil noyabrida kesib o’tgan.

U Suriyada faol jang qilganmi yoki tibbiyot sohasida ilm olgan odam sifatida yaralanganlarni davolaganmi – bu savol ham hozircha javobsiz.

Turkiya matbuotiga ko’ra, Muxtorov imtihonlarda yuqori baholar olib, Istanbuldagi Jarrohposha tibbiyot institutiga kirgan edi.

Talaba Isroil va turkiyalik dissident imom Fathulla Gulenni tanqid qilganidan keyin Turkiya huquq-tartibot organlari nazariga tushgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Turkiyada Muxtorov terrorchilikda gumon qilingan shaxslar ro’yxatiga kiritilgan, politsiya tomonidan so’roq qilingan va to’rt yilga Turkiyaga qaytish huquqidan mahrum etilib, Gruziyaga deportatsiya qilingan edi.

Muxtorov o’sha to’rt yil davomida vatanida nima bilan shug’ullangani haqida hamqishloqlari gapirishni istamaydi.

Bo’lajak shifokor qishloqda yaxshi hayot boshlolmadi va Suriyaga borganidan bir oy o’tmay nobud bo’ldi.