30 nafardan oshiq afg'on Germaniyadan siyosiy boshpana ololmay vataniga qaytdi. Ularning aksariyati yoshlar.
Jami 12 ming afg'on Berlindan panoh so'ramoqda. Nemis rasmiylarining aytishicha, ularga rad javobi berilmoqda va qonunga binoan, ona yurtiga deportatsiya qilinadi.
Bu insonlar Afg'onistonda hayoti tahdid ostida ekanini da'vo qiladi. Germaniyada uch yil yashagan Ali Madad Nosirning hikoya qilishicha, ertalab uyiga politsiya kelgan va hibsga olgan.
"Uyimdan hech narsa ololmadim. Meni darhol olib chiqib ketishdi. Telefon va kompyuterim ham qolib ketdi", - deydi u.
2015-2016-yillar mobaynida Yevropa bo'ylab yaqin sharqlik va janubiy osiyolik qochqinlar soni nihoyatda ko'payib, mezbon davlatlar bu oqimni idora etishga qiynalmoqda. Germaniyadan boshpana so'rayotganlarning ko'pchiligi suriyalik. Ikkinchi o'rinda esa afg'onlar, deydi rasmiylar.
Norvegiya va Shvetsiya ham afg'onlarni vataniga qaytarish bilan band. Boshpana so'rayotganlar hayoti haqiqatdan ham xavf ostida ekanini isbotlay olmagan.
Afg'oniston hukumati esa fuqarolari qaytayotganini olqishlab, ularga yordam va'da qilmoqda. Lekin, deydi qochqinlar, davlatga ishonch juda past. Azob-uqubatni xalqning o'zi tortadi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan afg'onlar.
Yevropaning turli yirik shaharlarida norozilik namoyishlari kuzatilmoqda. Huquq tashkilotlari hukumatlardan afg'onlarni deportatsiya qilmaslikni talab qilmoqda. Vatanda ular qiynoqqa solinishi, qamoqqa tashlanishi mumkin, degan xavotir kuchli.
"Hamma vatanini sevadi. Uni sevmaganimiz uchun tark etmadik. Tinchlik istadik, yashashni istadik", - deydi Mati Ulla, 22 yoshli afg'on.
"Tolibon va "Islomiy davlat"ga qo'shilaymi?", - deydi u?
Ko'plab yoshlardan shunday nolalar eshitasiz. Ular nafaqat ishsizlikdan shikoyat qiladi, balki kelajak ularga zulmatdek ko'rinadi. Hukumat bu avlod bilan qanchalik ishlay oladi, mavhum.
Tolibon Afg'onistonning uchdan bir qismini nazorat qiladi. "Islomiy davlat" ham ta'sirini oshirishga harakat qilmoqda.
“Afg'on xalqining kayfiyati juda past. Kelajakka umid past. Notinchlik, korrupsiya, ishsizlik... Vaziyat tang", - deyiladi yaqinda Osiyo jamg'armasi chiqargan hisobotda.
Bu yili 1 milliondan oshiq afg'on uy-joysiz qolgan yoki boshqa joydan panoh izlay boshlagan.
525 ming odam o'z vatanida qochqin. 613 ming fuqaro esa Pokistondan yurtiga qaytgan. Hammasiga yordam zarur.