Bugun Germaniyada o'tgan federal saylovlarda xalq kelasi to'rt yil uchun yangi hukumat va kanslerga ovoz berdi. Amaldagi rahbar, Xristian demokratlar partiyasidan Angela Merkel tarixiy g'alabani qo'lga kiritib, to'rtinchi muddatga saylandi. Ko'pchilik uni barqarorlik garovi deb biladi.
Dastlabki natijalarga qaraganda, Merkel boshchiligidagi konservativ kuchlar qariyb 33 foiz ovoz olgan. Endi koalitsion hukumat tuzish bo'yicha muzokaralar boshlanadi.
Saylov shunisi bilan ahamiyatliki, Ikkinchi jahon urushidan beri ilk marotaba Germaniya parlamenti Bundestagdan millatchi ruhdagi Muqobil Germaniya partiyasi ham joy oladi. Ular 13,5 foiz ovoz yig'gan.
Angela Merkelning amaldagi hukumatdagi ittifoqchisi, Sotsial-demokratlar 20 foiz bilan uchinchi o'rinni egalladi. Partiya rahbari Martin Shults muxolifatga o'tishini bildirdi.
Yangi hukumat oldida murakkab malasalar turibdi: Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqishi, terrorizm, iqlim o'zgarishi va Shimoliy Koreya tahdidlari. Ichki siyosatda esa asosiy masala - immigratsiya.
Merkel saylov kampaniyasi davomida xalqiga katta va'da bermadi. U e'tiborni, asosan, ish o'rinlarini ko'paytirish va soliqlarni biroz kamaytirishga qaratdi. Sotsial-demokratlar esa badavlat fuqarolar solig'ini oshirish, qashshoqlikni kamaytirish, infrastruktura va ta'lim sohasiga sarmoyani oshirishni va'da qilgan.
Merkelning 2015-yilgi "ochiq eshiklar" siyosati doirasida Germaniya bir milliondan ziyod qochqinni qabul qilgan edi. Ularga boshpana berish qarorimiz to'g'ri edi, deydi kansler, lekin kelajakda bu takrorlanmaydi.
Ultra-o'ngchi va aksil-immigrant ruhdagi Muqobil Germaniya partiyasi parlamentdan joy olgani ko'pchilikni hayratda qoldirdi.
"Merkel mamlakatimiz chegaralarini qochoqlarga ochgani bizga qo'l keldi, saylovchilar orasida kuchli norozilik uyg'otdi", - deydi partiya yetakchisi Aleksandr Goland.
Yetakchi siyosatchilar aholini saylovda faol qatnashishga undadi. "Qatnashmasangiz, kelajakni boshqalar belgilaydi", deydi ular, neo-nasistlar, millatchi va ekstremistlarga ishora qilib.
To'rt yil ilgari ovoz berish huquqiga ega 61,5 million fuqarodan 29 foizi saylovga chiqmagan.