Afg’oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum Prezident Ashraf G’anini qavmparastlikda ayblagach, ikki rahbar orasidagi aloqalar ancha taranglashdi. Ba’zilar Do’stumni quvvatlagan bo’lsa, ayrimlar uni tanqid qilib chiqdi. Siyosiy partiyalar hukumat rahbarlari o’rtasidagi kelishmovchilikni hal etishga kirishgan.
Jihodiy va Milliy Partiyalar Sho’rosi mamlakatda yuz bergan so’nggi tortishuvlardan xavotirda. Siyosiy arboblarning aytishicha, agar vaziyat shunday davom etsa, mamlakat inqirozga duch kelishi mumkin.
Sho’ro raisi Sibg’atullo Mujaddadiy Ashraf G’ani va general Do’stum o’rtasida paydo bo’lgan kelishmovchilikni hal etish va’dasini berdi.
“Hal bo’lmaydigan muammo yo’q. Ham general Do’stum, ham Prezident Ga’ni bilan suhbatlashdim, kelishmovchiliklar hal etilishiga umidvorman. Bizni tashvishga solgan bu mushkul - til tortishmalar bir-ikki kunda hal etiladi”,- deydi Sibg’atullo Mujaddadiy.
Sobiq Vitse-prezident va mazkur Sho’ro a’zolaridan bo’lgan Muhammad Karim Xaliliy hukumat rahbarlarini birdamlikka chorlaydi. “Rahbarlar milliy manfaatni o’ylasin”, deydi u.
“Afg’on xalqi kelishmovchiliklar kuchayishi orzusida emas. Shu Sho’roning nomidan aytaman, hukumat rahbarlari xalqqa xizmat qilmoqchi bo’lsa birlashishi kerak. Agar vaziyat inqirozga qarab ketadigan bo’lsa, xalq va siyosiy jarayonlar hushyorligidan foydalangan holda ular vatan parchalanishining oldini olishiga ishonaman”, - deydi Jihodiy va Milliy Partiyalar Sho’rosi a’zosi Muhammad Karim Xaliliy.
Ma’lumotlarga ko’ra, Prezident Ashraf G’ani general Do’stum bilan telefon orqali gaplashgan. U general Do’stumga qarshi rejalangan hujum omillarini topib qonunga topshirishni va’da qilgan.
General Do’stum unga qarshi rejalangan hujum Afg’oniston Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan o’ylab topilgan ish ekanini aytgan edi.
U ayni damda, agar Ashraf G’ani uning vakolatlarini, elatdoshlari haq-huquqini qaytarib bermasa, ikki kunda hukumatni ag’darishga kuchi yetishidan ogohlantirgan edi.