Jahonda oziq-ovqat narxi 2011 yilda ham o’sishda davom etadi

Jahonda oziq-ovqat narxi 2011 yilda ham o’sishda davom etadi

2010 yil jahon oziq-ovqat bozorida qimmatchilik va taqchillik bilan yakunlandi. O’sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish tobora mushkul masala.

Iqlimdagi salbiy o’zgarishlar natijasida kelib chiqayotgan tabiiy ofatlar - suv toshqinlari, qurg’oqchilik va yong’inlar yegulikka bo’lgan talabni oshiradi.

Bu norozilik namoyishlarga sabab bo’lishi mumkin. 2008 yilda bunga guvoh bo’lganmiz. Oziq-ovqat narxining keskin ko’tarilishi qator o’lkalarda namoyishlarga turtki bergan edi.

Oradan ikki yil o’tib, ob-havo yaxshi kelgani mirishkorlarga qo’l keldi. Mo’l hosil olindi, naxlar mo’tadillashdi.

Lekin hammasi hali oldinda, deydi Jak Diuf, BMT Oziq-Ovqat va Qishloq Xo’jaligi tashkiloti rahbari. “Qimmatchilikka olib kelgan barcha omillar hali ham mavjud”, - deydi u.

Bu yili AQSh dalalarida yetishtirilgan makkajo’xorining uchdan bir qismi etanol ishlab chiqarishga sarflangan. Jahon bozorida yonilg’i qimmatlab bormoqda. Bu esa, shubhasiz, oziq-ovqat narxiga ta’sir ko’rsatadi. Ustiga ustak, dunyoda aholi soni ham o’sib bormoqda.

“Yirik eksportchi davlatlar toshqin yoki qurg’oqchilik kabi jiddiy ofat bilan yuzlashsa, ahvol tang bo’lishi turgan gap”, - deydi BMT vakili.

O’tgan yili yoz jaziramasi Rossiyada don hosilining 30 foizini yakson qilgan edi. Buning ketidan hukumat zudlik bilan bug’doy eksportini taqiqladi. Natijada dunyo don mahsulotlari bozori sarosimaga tushdi, deydi Xalqaro Oziq-Ovqat Siyosati instituti rahbari Shengen Fan.

“Rossiya eksportni to’xtatishiga qurg’oqchilik sabab bo’ldi. Bu o’z navbatida narx-navoni osmonga ko’tarib yubordi”.

2009 yil bilan qiyoslaganda hozir bug’doy va makkajo’xori 50 foizga qimmat. Bu yili narxlar yana balandlashi turgan gap, deydi mutaxassislar.

2010 yilda jahon bug’doy zaxirasi ko’proq bo’lgani sabab davlatlar katta qiyinchilik bilan yuzlashmadi, lekin kelgusi yillarda nima bo’lishini hech kim bilmaydi, deydi Shengen Fan.

“Zudlik bilan chora ko’rishimiz kerak. Yo’qsa, yana bir inqirozga yuz tutamiz. Bu aniq”.

Olimning aytishicha, hukumatlar qishloq xo’jaligini takomillashtirishga ayamasdan sarmoya kiritishlari lozim. Chunki kelajakda dunyo aholisi sonining ko’payishi, ekin yerlar kamayishi va iqlim o’zgarishi kabi muammolar bilan yuzlashamiz.

Ayni damda Janubiy Amerikadagi qurg’oqchilik olimlarning diqqat markazida. Hosildorlik kamaysa, narxlar yanada ko’tarilishi mumkin.

2008 yilda biz yuz tutgan muammolar qaytarilmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi, deydi iqtisodchi Jon Anderson.

“Og’ir bir davrni boshdan o’tkazdik. Oldi olinmasa narx-navo ko’tarilib boraveradi. Bu bizni yana qiyin ahvolga solib qo’yishi mumkin”.

Lekin bu safar dehqonlar yerga ko’proq urug’ qadagan. Agar yaxshi parvarish qilinsa, mo’l hosil narxlarning pasayishiga olib keladi, deydi Anderson. Bu kecha paydo bo’lgan muammo emas.

“Insoniyat azaldan bu kabi muammolar bilan kurashib keladi. Hayotiy tajriba va texnologiya rivojiga tayanib, kunimizni ko’rib kelayapmiz”.

Texnologiya va innovatsion loyihalar yetarli oziq-ovqat ishlab chiqarishga xizmat qiladi. Lekin bunga vaqt kerak. Hozircha narxlar o’sishda davom etadi.