Gretsiya Yevropadan madad kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras Yevropa Parlamentida nutq so'zlamoqda, Strasburg, Fransiya, 8-iyul, 2015-yil

Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras hafta oxirida Yevropa rahbarlari bilan rejalangan uchrashuvda yordam paketiga kelishilishiga umid qilmoqda.

Tsipras bugun Yevropa Parlamentida nutq so'zlab, Gretsiya manfaatlarini himoya qildi. Uning aytishicha, moliyaviy yordam evaziga talab qilinayotgan keskin choralar mamlakatga og'ir keladi.

"So'nggi besh yilda Gretsiyada qashshoqlik va ishsizlik, jamiyatda tabaqalanish kuchaydi, davlat qarzi oshib, hozir yalpi ichki mahsulotning 180 foizini tashkil etmoqda", - dedi Tsipras.

Deputatlarning bir qismi Tsiprasni olqishlab kutib olgan bo'lsa, boshqalar norozilik bildirdi.

Unga ko'ra, islohotlar ish o'rinlarining yaratilishiga, tadbirkorlikni rag'batlantirishga olib kelishi kerak.

Gretsiya bugun kredit uchun yangi ariza bergan. Kreditorlar majlis qilib, uni o'rganib chiqadi. Tsipras uch yilga kredit berishni so'rab, soliq va nafaqa islohotlarini darhol amalga oshirishga so'z berdi.

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tuskning aytishicha, tomonlar shu hafta oxirigacha kelisholmasa, Gretsiya bankrotlikka uchrab, bank tizimi naqd puldan ayriladi.

Yevropa Ittifoqining iqtisodiy aloqalar bo'yicha komissari Pyer Moskovichi yakshanbagacha bitim imzolanishiga umid qilmoqda.

"Bu Gretsiyaga bog'liq", - deydi u.

Har ehtimolga qarshi Yevropa rahbarlari Gretsiyaning yevrozonadan chiqishiga hozirlik ko'rmoqda.

Kecha AQSh Prezidenti Barak Obama telefon orqali Gretsiya bosh vaziri bilan gaplashib, masala ijobiy hal etilishiga umid bildirgan.

Gretsiyaning kreditorlar oldida qarzi 350 milliard dollar atrofida. Undan xarajatlarni kamaytirish, soliqlarni oshirish va boshqa keskin choralar talab qilinmoqda, biroq yakshanba kuni o'tgan referendumda grek xalqi ularga "yo'q" deb javob berdi.

Bu o'rtada mamlakatdagi banklar hamon yopiq. Aholi bankomatlardan kuniga 67 dollargacha pul olishi mumkin, xolos.