Markaziy Osiyoda ham Fathulla Gulen jamoasi quvg'inga uchrashi mumkin. Turkiya hukumati harbiy to'ntarishga urinish ortida shu diniy peshvo turganini iddao qilib kelmoqda, ayni paytda AQShda yashayotgan ulamo bu ayblovlarni inkor etgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Mintaqa aholisi Turkiya bilan Fathulla Gulen homiyligidagi turk maktablari orqali ilk bor tanisha boshlagan deyish mumkin. Yoshlar orasida keng shuhrat qozongan maktablar O'zbekistonda taqiqlangan. Ammo regionning boshqa davlatlarida ishini davom ettirayapti. Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'anning ayblovlari bu jamoaga nisbatan Markaziy Osiyoda ham bosimlarni boshlashidan xavotirlar mavjud.
Gulen jamoasining bu maktablari O'zbekistonda ancha yillar avval yopilgan edi. Jamoa tarafdorlariga nisbatan tazyiqlar shu bilan to'xtamadi, “Nurchilar” oqimiga a'zolikda ayblanib o'nlab odam qamoqqa tashlandi, ular orasida bir necha jurnalist bor.
Mintaqaning boshqa davlatlaridan farqli Turkiya bilan bog'liq tashkilotlar O'zbekistonda hamisha shubha ostida bo'lgan. Bu orada, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikistonda bu maktablar, Erdog'anning ayblovlaridan qat'i nazar faoliyatini davom etmoqda.
Jurnalist Qudrat Bobojonning aytishicha, bu maktablar dunyoviy ilmlarni mukammal o'qitishi bilan ham shuhrat qozongan edi.
“O'sha paytda turk litseylari O'zbekistonga yangi bir ma'rifiy to'lqin sifatida kirib keldi. Bu maktablar hammani, kambag'allarni ham, badavlat oilalarni ham o'ziga jalb qildi. Hamma farzandini shu maktabga berishga urinardi. Bolalar rostdan bilimli bo'lib chiqayotgan edi. Ammo vaziyat tezda o'zgardi. O'zbekistondan nafaqat maktablar, Turkiyaga tegishli biznes ham siqib chiqarildi. O'zbekistonda bu diniy cheklovning bir ko'rinishi edi”, - deydi Bobojon.
Turkiyada yashayotgan sharhlovchi Namoz Normo'minning aytishicha, Gulen jamoasi 40 yil burun tashkil topgan. Maorif sohasiga katta ahamiyat qaratadi.
“Barcha sohalarda rivojlandi, avvalo maorif sohasida, o'zining maktablari bilan mashhur. Iqtisodiy sohada o'z bankiga, bir necha media nashrlarga ega edi. Turkiya politsiyasida, sud tizimida ham ko'plab kadrlarga ega. Gulen va Erdog'an o'rtasidagi ziddiyatlar esa 2011-yillardan boshlandi”, - deydi u.
Qudrat Bobojon so'zlariga ko'ra, Turkiyadagi voqealar ortidan Gulenga nisbatan Qirg'iziston, Qozog'istonda ham munosabat o'zgara boshlagan:
“Kimlardir Gulenni mutlaqo islomga aloqasi yo'q, AQShning josusi deyishgacha borgan. Xullas, o'zbek hukumati mafkurasidan kelib chiqib Gulenga munosabat shakllantirilmoqda. Achinarlisi shundaki, bunday munosabat O'zbekistondan qo'shni davlatlarga ham ko'chmoqda. Hozir Qirg'izistonda munozara qizigan. Aslida Erdog'an ham, Gulen ham xanafiylik mazhabini olg'a surayotgan yetakchilar. Bu ziddiyat islomiy yetakchilikka da'vogar ikki guruhning urushi”, - deydi Bobojon.
Turkiyada yashab kelayotgan o'zbekistonlik mustaqil jurnalist Kamoliddin Yo'ldoshning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston Turkiyadagi voqealar yuzasidan sukut saqlamoqda. Agar mintaqada jamoaga nisbatan tazyiqlar rejalangan bo'lsa, hozir buning uchun juda qulay fursat.
“Birmuncha avval Qozog'istonda Erdog'an bilan bog'liq korrupsiya mojarosidan so'ng Gulenga aloqador bir nechta maktab yopilganini eshitgan edim. Ammo aksaran bu maktablar jamoatchilikda juda yaxshi qabul qilinadi, yaxshi mutaxassislar yetishtirib chiqaradi. Albatta, Turkiyadagi voqealardan so'ng bu maktablar ustidan nazorat kuchayishi mumkin. Agar tahlikali deb qarasa butunlay yopib qo'yishi mumkin. Chunki buning uchun hozir juda qulay vaziyat, xalqaro siyosiy maydonda Gulen jamoasi himoyasi uchun kech kim biror so'z aytayotgani yo'q. Hozir Turkiyada davlatning jazo mashinasi kuchga kirgan, qora ro'yxatdagilar ommaviy hibs qilinmoqda”, - deydi Kamoliddin Yo'ldosh.
Erdog'an davlat to'ntarishiga urinish ortidan mamlakatda uch oylik favqulodda holat e'lon qildi. Minglab odamlar hibsga olindi, Gulen jamoasiga xayrixoh deb topilgan o'n minglab kishilar ishdan haydalgan.