Gamburg – muhojirlar shahri

Gamburgda 2 milliondan oshiq aholining 40 foizini muhojirlar tashkil etadi. Germaniyaning eng ko’p muhojir aholiga ega shaharlaridan biri.

Qochqinlar, shuningdek, Berlin, Myunxen, Dortmund, Dyuseldorf, Frankfurt kabi shaharlarga joylashtirilmoqda.

Gamburgda do’konlar, omborlar, sport maydonlari, hatto ko’rgazma zallari ham yotoq joylariga moslashtirildi.

Shaharda qochqinlar uchun yotoq joylari, jamoat uylarini qurish ishlari boshlangan. Gamburgda shu yil oxirigacha 30 ming muhojirni qabul qilishga hozirlik ko’rilmoqda. Shu maqsadda shahar byudjetidan 600 million yevro ajratilgan.

Tashkillashtirilgan tarzda olib kelinayotgan qochqinlar, avvalo, yotoqxona bilan ta’minlanmoqda, tegishli ravishda ro’yxatga olinmoqda, ijtimoiy yordam uchun rasmiylashtirilmoqda.

Ammo boshpana topish uchun mustaqil ravishda kelayotganlar ham ko’p. Qochqinlar Gamburgga kichik-kichik guruhlar shaklida yoki butun oila bo’lib, poyezdlarda, avtobuslarda kirib kelishmoqda.

Shahar markaziy vokzali ko’p millatli aholiga to’lib toshgan

Vokzaldagi olomon orasidan muhojirlikning yangi to’lqini tufayli kelganlarni ajratish qiyin emas.

Vokzalda Afg’onistondan kelgan, yoshlari nari borsa 18 gacha bo’lgan 15 ga yaqin o’smirlarni uchratdim. Alohida chetda turishibdi, ko’rinishidan o’zbeklarga juda o’xshash, ammo o’zbekcha bilishmaydi.

"Amerika Ovozi" ular bilan amallab gaplashib bildiku, kelganlariga ikki-uch kun bo’lgan, hozir Gamburgda qolish kerakmi yoki yo’lda davom etish kerakmi, degan masala ustida o’ylanishmoqda. Suratga tushishni rad qilishadi, charchagan.

Qochqinlar orasida yoshlar ko’p. Ular o’z kelajaklarini Germaniyada, Gamburgda ko’rishmoqda. Yo’l iztiroblarini unutishga harakat qilishmoqda. Urushlar, taloto’plar tufayli qochqinlikka tutilgan bu yigitchalar endi kelajakdan umidvor.

Qochoqlarga yordam berayotgan ko’ngillilar ko’p

Gamburg markaziy vokzalida ko’ngillilar ko’p. Ular qochqinlarni kutib olishga, ko’mak berishga chiqishgan. Ko’ngillilar yaqin kunlarda katta guruhdagi qochqinlar kutilmayotgani bois suvga, oziq-ovqat va kiyim-boshga muhtojlarni ma’lum bir joyda kutib turishni ma’qul ko’rishadi. Nemis ayollari qochqinlarga yegulik, kiyim-bosh olib chiqqan.

Muhojirlar bilan bog’liq so’nggi inqiroz nafaqat qamrov, miqyos jihatidan balki dunyodagi mavjud dunyoqarash va munosabatda ham qandaydir o’zgarishlar qilgandek. Har holda Germaniyada o’tkazilgan so’nggi so’rovnomalar nemislarda qochqinlarga nisbatan munosabat sezilarli o’zgarganini ko’rsatadi. 80 foizdan oshiq aholi muhojirlar qabulida biror tahdid yo’qligini yoqlab ovoz bergan.