Okeandan kelgan Xarvi to’foni Texasda minglab uylarni vayron qilgan edi. Bu voqeaga ikki oydan oshdi, tozalash ishlari hamon davom etmoqda. AQSh tarixidagi eng qimmat qayta qurish loyihasi bo’ladi, deydi rasmiylar. Texasning eng katta shahri Xyustonni tiklashda noqonuniy muhojirlar ham qatnashmoqda.
Xyustonning ko’plab mahallalarida toshqin asoratlarini ko’rasiz. Ishchilar yetishmayotgani sabab tozalash ishlari sekin kechmoqda. Noqonuniy immigrantlar uchun bu imkoniyat.
Ular xo’jalik mollari do’koni yonida mijoz kutishadi. Har qanday ishga tayyor. Texasda qurilish sohasida ishlaydiganlarning kamida 28 foizida hujjat yo’q. Ushlansa, deportatsiya qilinadi. Buning ustiga, ular yollanadigan ishlar xavfli.
Aksariyati huquqlarini ham tushunmaydi, deydi mahalliy faollardan biri Maurisio Iglesias.
“Ishlash uchun na maskasi, na dubulg’asi, na qo’lqopi bor. O’zlarini chang va bakteriyadan himoya qilish uchun hech narsasi yo’q”, - deydi u.
Xyuston quruvchilar uyushmasi vakili Rob Helyer ishchi yollashda yuqori standartlarga amal qilishini aytadi. Muammo qisman shundaki, deydi u, hujjatsiz muhojirlarning o’z mamlakatida iqtisodiy sharoit, tibbiy qonun-qoidalar boshqacha.
“Ular tug’ilib o’sgan joylarda mehnat xavfsizligi bilan bog’liq me’yorlar boshqa yoki umuman yo’q. Shu sababdan ehtimol salomatlikka ziyon yetkazuvchi omillar haqida o’ylashmaydi, muhim deb bilishmaydi”, - deydi u.
Kuchli dovuldan so’ng uy va hovlilarda kanalizatsiya va ximikatlar qorishmasidan iborat zaharlangan suv uchraydi. Past daromadli ishchilar nafaqat o’z uyini tiklash bilan ovora, balki xavf-xatarga qaramasdan boshqalar uyini ham tozalab berishga tayyor.
“Ish ko’pligidan xursandmiz, pul topamiz. Ammo sog’likka zarar ekanini ham bilamiz”, - deydi Elza Isaula.
Parkovkadagi mardikorlar ish joyida ro’y bergan noxush voqealar haqida bizga aytib berishdi. Lekin ular baribir mijoz kutishyapti.