G'arbiy Afrika 2014-yilni Ebola epidemiyasi bilan xotirlaydi

  • Amerika Ovozi

2014-yil G'arbiy Afrika uchun dahshatli Ebola virusi bilan yodda qoladigan bo'ldi. Epidemiyaga qarshi kurash hanuz davom etmoqda. 20 mingdan ortiq odam Ebola virusini yuqtirgan, ularning 7800 dan ortig'i halok bo'ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yil sarhisobi: Ebola epidemiyasi, Behzod Muhammadiy

Ebola balosi 2013-yilning oxirida Gvineyaning chekka bir hududidan boshlandi. Virus tez orada Liberiya va Syerra-Leonega yoyildi. So'ng Nigeriya va Maliga tarqalib, hatto ayrim doktor va hamshiralarning ham umriga zomin bo'ldi. Virus bilan xastalanganlarning uchdan biri, odatda, halok bo'ladi. Qurbonlar ortida esa minglab yetimlar qolgan.

Bu qadar katta Ebola epidemiyasi shu paytgacha kuzatilmagan edi. AQShdagi Kasalliklarni nazorat qilish va to'xtatish markazi mutaxassisi doktor Tom Kenyonning aytishicha, Afrikaning boshqa qismlarida sanitariya choralari muvaffaqiyatli qo'llangani uchun epidemiyaning yanada kengayishiga yo'l qo'yilmadi.


"Mahalliy aholi Ebola nima ekanini va unga qarshi qanday kurashishni biladi. Kasal odamlarga tegishmaydi. O'lganlarni badaniga qo'l tekkizmasdan, xavfsizlik choralari asosida ko'mishyapti. Qo'llarini maxsus sodalar bilan yuvishadi. Bu choralar epidemiyani to'xtatadi", - deydi u.

Ammo G'arbiy Afrikada hatto shifokorlar ham omon qolmadi.

Kasalliklarni nazorat qilish va to'xtatish markazi xodimi Leysha Nolenga ko'ra, mahalliy aholi orasidagi noto'g'ri tushunchalar dardga qarshi kurashning samarasiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

"Kasallikni Xudo yuborgan tavqi la'nat deb ishonadiganlar ko'p. Jodugar kelib odamlarga balo ulashdi, deb o'ylashadi", - deydi u.

G'arbiy Afrikada chegaralar ochiq bo'lgani bois odamlar erkin safar qilib o'rgangan. Bu esa virusning tez tarqalishiga sabab bo'ldi, deydi Nolen.

"Aholining harakati katta muammoga aylandi. Odamlar sayohat qilishda, boshqa joydagi aholini xavf ostiga qo'yishda davom etyapti", - deydi shifokor.

Iyun oyida Chegara bilmas shifokorlar tashkiloti Ebola epidemiyasining nazoratdan chiqib ketayotgani haqida ogohlantirgan edi. Avgustda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti dunyo bo'ylab favqulodda holat e'lon qildi. Shundan so'ng mintaqaga xalqaro yordam hajmi orta boshladi. AQSh Liberiyada kasalxonalar qurish uchun 3000 askarini jo'natdi. Boshqa davlat va tashkilotlar ham ko'mak ko'rsata boshladi.

Dekabr oyi o'rtalariga kelib Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti rahbari Margaret Chan epidemiyaga qarshi kurashda ijobiy natijalar ko'zga tashlanayotgani haqida xabar berdi.

"Kuzatuvni davom ettirishimiz kerak. Xotirjamlik dushmanimiz va muammoni butunlay yo'q qilish uchun hali ko'p ish qilishimiz kerak", - deydi u.

Ebola virusiga hali da'vo topilmagan. Ammo kasallikni erta aniqlash va o'z vaqtida tibbiy yordam ko'rsatish bemor hayotini saqlab qolishda asosiy omillar bo'lishi ma'lum.