AQSh Yaponiyaning Xirosima shahriga atom bombasi tashlaganiga 70 yil to'ldi. Voqea Ikkinchi jahon urushiga xotima yasagani aytiladi.
6-avgust kuni portlash markazi yaqinida qurilgan Tinchlik xotirasi parkida 10 minglab odamlar halok bo'lganlarni xotirlab bir daqiqa sukut saqladi.
Xirosima meri Kazumi Matsui dunyoni yadro qurollaridan xoli qilishga chaqirdi. U bunday qurollarni "haqiqiy yovuzlik" deb atadi.
Bosh vazir Shinzo Abening aytishicha, atom bombasi hujumiga uchragan yagona mamlakat sifatida Yaponiya dunyoni bunday qurollardan xalos qilishga chaqirishda o'ziga xos majburiyatga ega.
Xirosimaga atom bombasi tashlanishi oqibatida 140 ming kishi o'sha zahoti yoki portlashdan keyingi radiatsiyadan kuyib halok bo'lgan. Oradan uch kun o'tib Qo'shma Shtatlar Nagasaki port shahriga yana bir bomba tashlab, 70 ming odamning yostig'ini quritgan.
Vashington urushga tez yakun yasash uchun bu hujumlar zarur edi, deb hisoblagan. Nagasaki hujumidan olti kun o'tib Yaponiya taslim bo'lgan.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri xotira marosimini urush oqibatlaridan ogoh etuvchi va yadro qurollari sonini kamaytirish zarurati haqida yana bir bor eslatuvchi kuchli imkoniyat deb atadi.
Xirosimadagi tadbirda AQShning Yaponiyadagi elchisi Karolin Kennedi, davlat kotibining qurol nazorati va xalqaro xavfsizlik bo'yicha o'rinbosari Rouz Gottemyuller hamda 100 dan ortiq boshqa davlatlar vakillari qatnashdi.