Gonkongda minglab yoshlar politsiya bilan yuzma-yuz, kuch ishlatilmoqda

  • Amerika Ovozi

Mong Kok tumani, Gonkong, 17-oktabr, 2014

Gonkong politsiyasi shahar markazini egallab olgan namoyishchilarga qarshi keskin choralar ko'ra boshlagan. Ko'zni achitadigan moddalar sepilmoqda, rezina tayoqlar qo'llanilmoqda.

Demokratiya talabi bilan ko'chaga chiqqan minglab yoshlar esa "qo'rqmaymiz" deydi. "Namoyishga qilishga haqqimiz bor",- deydi talabalar.

26 kishi hibsga olingan, 15 politsiyachi jarohatlangan.

"Politsiya tartibni buzganlarga qarab turmaydi. Mong Kok, shaharning markaziy qismi" tunda va ertalab juda bezovta edi. Bu namoyishlarni tinch deb aytolmaymiz. Buzg'unchilikka guvohmiz. Chora ko'ramiz",- deydi Endi Tsand, Gonkong politsiya boshlig'i.

"Bizni tarqatib yubora olmaysiz. Gapimizni eshiting va xulosa chiqaring. Talablar qondirilmaguncha, namoyishlar tinmaydi. Haydash bilan bizdan qutula olmaysiz. Hukumat biz bilan gaplashsin, muloqot qilsin",- deydi Eshli Lay, birinchi kurs talabasi.

Bu yoshlar Gonkongda demokratik saylovlar talab qilmoqda. Pekin siyosatini qoralab, rahbarni mahalliy xalqning o'zi tanlashi shart, deydi ular.

Talabalar chodirlar qurib olgan, shu yerda tunashayapti. Maqsad tinchlik, deydi ular, "hukumat bizning dardimizni eshitsin".

Politsiyani safarbar etib, rahbariyat studentlarni bezori guruh sifatida tasvirlayapti, aslida yoshlar tartibni buzayotgani yo'q, deydi namoyishchilar.

Gonkongning hozirgi rahbari Leung Chun-ying ular bilan gaplashishga shay ekanini aytmoqda. Lekin Pekin bu chiqishlarni bostirish kerak degan fikrda.

Xitoy hukumati nazarida namoyishchilarning talabi asossiz. 2017-yildagi saylovlarda nomzodlar Pekin tomonidan tanlanadi va saylov jarayoni o'zgartirilmaydi, deydi rasmiylar.

Namoyishlar sentabr oyida boshlangan. Talabalar tomonidan tashkil qilingan chiqishlar kengaysa kengayadiki, to'xtamaydi, deydi faollar.

Gonkongda minglab namoyishchilar politsiya bilan yuzma-yuz, tarqalmoqchi emas