Uyg'urlar Tolibon haqida qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

Uyg'urlar adolat talab qilmoqda, Istanbul, 2-iyun, 2021

Qariyb 15 yildan beri Gollandiyada yashaydigan Abdug'ani Sobit kuzatishicha, Tolibon qanchalik yovuz ko'rinmasin, musulmonlarni ezuvchi davlatlarga qarshi gapirib keladi. Xitoyni o'z elatini yo'q qilishga bel bog'laganlikda ayblovchi Sobit deydiki, "Tolibon Falastin, Kashmir va boshqa joylarda musulmonlar manfaatini himoya qiib chiqqan".

Biroq, deya tan oladi bu uyg'ur, Tolibon shu kungacha uning millati boshdan kechirayotgan azob-uqubat va adolatsizliklar haqida lom-mim demagan. Afg'oniston bilan chegaradosh Shinjonda, uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb atovchi mintaqada kamida 12 million uyg'ur bor, deydi Sobit.

Xitoy mehnat lagerlarida qariyb 1 million uyg'ur ishlatiladi, deya bong urayotgan huquq tashkilotlariga Pekin "bu yolg'on" deya javob beradi. Biroq xalqaro hamjamiyat qo'lida isbot-dalillar bor.

Kobulda xotin-qizlar yangi hukumatdan adolat talab qilmoqda, 19-sentabr, 2021

Ekspert Ibrohim Bahiss uyg'urlar etnik guruh ekani, Tolibon esa qator elatlardan iborat siyosiy harakat ekaniga urg'u beradi. Biri o'zi uchun kurashsa, ikkinchisi esa diniy-siyosiy mafkura uchun.

"Islom ularni bog'lab turishi mumkiin, ammo yondashuv va maqsadlar o'zgacha", - deydi Bahiss.

Sobit deydiki, uyg'urlar ham, toliblar ham hanaviy musulmonlardir. Biroq uyg'urlar mutaassiblikdan yiroq, deydi Solih Hudoyor, Amerikadagi yetakchilardan biri.

"Tolibondan farqli ravishda biz xotin-qizlar va bolalarni e'zozlaymiz, ularga erkinlik beramiz. Ko'plab uyg'urlar nazarida Tolibon ekstremist kuchdir. Men o'zim, shaxsan, ularga shunday qarayman".

Xitoy hukumati xalqaro hamjamiyatni Tolibon boshchiligidagi Afg'oniston bilan hamkorlik qilishga undamoqda

"Tolibon Xitoy hukumati bilan yaqin. Uyg'urlarni himoya qilish unga qimmatga tushishi mumkin", - deya mulohaza bildiradi Abdug'ani Sobit.

Tahlilchilar ham shu fikrda. Tolibonni qay musulmon davlatga qanday yondashishni o'z siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilamoqda. Xitoy unga nihoyatda kerak, chunki uning iqtisodiy ko'magiga muhtoj.

"Xitoy hozir Tolibon bilan ishlayotgan eng yirik davlat. Qizig'i, Pekin uchun hozirgi Tolibon terrorizmdan yetarlicha uzoqlashgan", - deydi ekspert Bahiss.

Urumchidagi mehnat lagerlaridan biri, Xitoy

Tolibon Afg'onistondan uyg'ur jangarilarini chiqarib yuborayotganini ta'kidlaydi. Pekin va BMT terrorchi deb hisoblovchi Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati yuzlab a'zolarga ega va Afg'onistonda hamon faol.

Bahiss taxminicha, Tolibon ularni chiqarmaydi, chunki uyg'ur jangarilar bu harakatni quvvatlaydi. Ularni haydash ichkarida darz berishi mumkin.

Amerikalik olim Shon Roberts deydiki, Tolibon Xitoy bilan qanchalik hamkorlik qilmasin, Shinjondagi uyg'urlarga befarq, ammo Afg'onistondagi uyg'urlarni ko'zdan qochirmaydi.

Roberts tahlilicha, Tolibon bilan hamfikr uyg'urlar Xitoydan mustaqillik talab qiladiganlar emas, ya'ni bunday talabni qo'ya olmaslik sharti bilan Afg'onistonda. Ular Xitoyga xavf solmasligi shart.

Uyg'ur milliy harakati, erkinlik faollari dinni ro'kach qilmaydi, deya kuzatadi Roberts.