Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Jenevada o’tayotgan 16-sessiyasida qator davlatlardagi inson huquqlariga doir ahvol tahlil qilinmoqda. Ular orasida Markaziy Osiyodan O’zbekiston va Turkmaniston bor.
Dunyo bo’ylab inson huquqlarining himoya qilinishiga mas’ul nufuzli tashkilot 22-apreldan 3-mayga qadar davom etadigan yig’inida xalqaro vaziyat bo’yicha yangi hisobot e’lon qilishi kutilyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Dunyo bo’ylab inson huquqlarining himoya qilinishiga mas’ul nufuzli tashkilot 22-apreldan 3-mayga qadar davom etadigan yig’inida xalqaro vaziyat bo’yicha yangi hisobot e’lon qilishi kutilyapti.
Sessiyaning kecha o’tgan birinchi ish kunida Turkmaniston tahlil qilingan. Bu o’lka bo’yicha Kengash xulosasi ertaga e’lon qilinadi.
“Human Rights Watch” ning BMT kengashi e’tiboriga havola qilgan hisobotida yozilishicha, Turkmanistonda inson huquqlari muntazam toptalishda davom etmoqda. Bu yerda so’z erkinligi va erkin siyosiy faoliyat uchun mutlaqo imkon yo’q; hukumat vaziyatni yaxshilash bo’yicha xalqaro jamoatchilik taqdim etgan tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirmoqda, deyiladi tashkilot bayonotida.
Rasmiy Ashgabat muxolif qarashdagi faollar ovozini, asosan, hibsga olish orqali o’chirib keladi. Amaldagi hukumat siyosatiga qarshi chiqqan ko’plab siyosiy faollar panjara ortiga tashlangan. Ammo xalqaro jamoatchilik bosimi ostida so’nggi yillarda bir necha siyosiy mahbus ozod etilgan. Mustaqil kuzatuvchilar nazarida hibsdan ozod etish faqat xalqaro maydonda tanilgan sanoqli shaxslarga nisbatan qo’llanib, muxolifatga qarshi olib borilayotgan siyosatda hech qanday o’zgarish yo’q. Mamlakat qamoqxonalarida qolayotgan siyosiy mahbuslar soni juda ko’p, deydi huquq faollari.
Jeneva kengashida ertaga O’zbekistondagi vaziyat tahlil qilinadi. O’zbekiston mintaqaning inson huquqlari keskin poymol qilinadigan yana bir davlati sifatida muntazam xalqaro jamoatchilik tanqidiga uchrab keladi. BMT Kengashining davriy hisobotlarida, xususan, AQSh Davlat departamenti hamda “Human Rights Watch” kabi mustaqil xalqaro tashkilotlarning yillik raportlarida O’zbekiston so’z erkinligi va siyosiy faoliyat keskin cheklangan o’kalardan biri sifatida tilga olinadi.
“Human Rights Watch” tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha tahlilchisi Stiv Sverdlovning aytishicha, O’zbekistonda huquqlarning himoya qilinishi bo’yicha hech qanday ijobiy o’zgarish yo’q.
“Vaziyat o’sha-o’sha. Qiynoqlar keng miqyosda qo’llanadi. Biznikiga o’xshagan nodavlat tashkilotlarining ishlashiga ruxsat yo’q. Fuqarolik jamiyati doimiy tahdid ostida. Faollarning deyarli har kuni hibsga olinishiga, tazyiqqa uchrashiga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi Sverdlov.
Afg’oniston masalasi bo’yicha AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi strategik hamkorlik kuchaygan bir davrda aynan inson huquqlari masalasi ikki mamlakat o’rtasida samimiy muloqot kechishiga to’sqinlik qilayotgani aytiladi.
Ayni paytda O’zbekiston hukumati inson huquqlari toptalayotgani haqidagi da’volarni inkor qiladi. Rasmiy Toshkent nazarida mamlakatda fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli qonunchilik mexanizmi yaratilgan. 2008-yilda o’lim jazosining bekor qilingani, inson huquqlari bo’yicha mas’ul ombudsman institutining joriy etilgani, xususan, sud-huquq tizimini mustahkamlash bo’yicha olib borilayotgan islohotlar mamlakatda fuqarolar haq-huquqlarini ta’minlash ustuvor masala ekanini ko’rsatadi, deydi rasmiylar.
Xalqaro kuzatuvchilar e’tiroziga ko’ra esa, bunday himoya tizimlari faqat qog’ozda bo’lib, amalda ulardan foydalanishning imkoni yo’q. So’nggi yillarda bir necha taniqli siyosiy mahbuslarning ozod etilgani, xususan, kuni-kecha yozuvchi Mamadali Mahmudovning 14 yillik qamoq ketidan kutilmaganda ozodlikka chiqarilgani xalqaro jamoatchilik uchun ko’zbo’yamachilikdan boshqa narsa emas, deydi ular.
Inson huquqlariga doir O’zbekistondagi vaziyat muhokama qilingach, BMT Kengashi o’z xulosa-ko’rsatmalarini Toshkentga yuboradi. Huquq faollariga ko’ra, bu tavsiyalarning real voqelikda biror o’zgarish yasashi qiyin.