Immigratsiyaga oid qonun muhojirlarni ko'chishga majbur qilmoqda

  • Amerika Ovozi
Arizona shtatining noqonuniy muhojirlarga qarshi qabul qilgan qonuni AQSh Oliy sudi tomonidan ko’rib chiqilib, bir qismi noqonuniy deb topildi.

Ayni paytda, ayrim bahsli bandlari o’zgarishsiz qoldirildi. Himoyachilar ham, qarshilar ham sud qarorini o’z g’alabasi sifatida ko’rsatishga urinmoqda.

Oliy sud qaroriga ko’ra, shtat politsiyachilari shubhali ko’ringan shaxslarni tekshirib, ularning muhojirlik maqomini tasdiqlovchi hujjatini so’rashga haqli.

Tanqidchilar fikricha esa, bu kutilmagan salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin.

Fransiska Sorto Virjiniyaning Prins Vilyam okrugida “Rinkonsito Latino” restorani sohibi. Restoranda Salvadorning milliy taomlari tortiq qilinadi.

“Ilgari ishchilarim soni 22 ta edi. Hozir bor-yo’g’i bitta”, - deydi Sorto.

Restoran ish boshlagan paytda daromad yaxshi edi. Ammo hozir u yopilish arafasida. Sortoning aytishicha, 2007-yil Arizonadagi kabi immigratsion qonun qabul qilingach, latino mijozlarning ko’pi ko'chib ketgan.

“Mana shu qonunni deb odamlar ketishyapti. Ular Prins Vilyamda ortiq yashashni istashmayapti”, - deydi u.

Okrug Vashingtondan janubda joylashgan. Aholisining 20 foizi ispan tilida so’zlashuvchi muhojirlar. Noqonuniy immigrantlar ham ko’p. Politsiya ma’lumotiga ko’ra, ular vaqtinchalik ishlarda mardikorlik qilishadi.

Arizona qonunining Oliy sud maqbul deb topgan bandlaridan biriga ko’ra, politsiyachilar hibsga olingan yoki shubha bilan to’xtatilgan har qanday odamning muhojirlik maqomini tekshirishi kerak. Prins Vilyam qonunida esa faqat hibsga olingan shaxslarning muhojirlik maqomi tekshiriladi.

Rasmiy Kori Styuartning aytishicha, noqonuniy immigrantlar ishtirokida katta jinoyatlar sodir bo’lishi oqibatida shunday qaror qabul qilindi.

“O’shandan beri jinoyatlar ancha kamayganini ko’rdik. Prins Vilyam grafligi politsiyasi ma’lumotiga ko’ra, og’ir jinoyatlar soni deyarli 50 foizga tushgan”, deydi Styuart.

Prins Vilyam politsiyachilari orasida qonunga ehtiyotkor munosabatda bo’luvchilar ko’p. Shuning uchun ular immigratsiyaga tegishli savollarni faqat hibsga olingan odamlardangina so’rashadi.

“Tekshiruv qonuniy, ammo juda qaltis ish. Hibsga olishgacha bo’lgan muddatda politsiyachilarni yaxshi ishlamayotganlikda yoki haddidan oshishda ayblovchilar ko’p”, deydi politsiya boshqarmasi boshlig’i Charli Din.

Araseli Panameno kabi faollarning aytishicha, qonun iqtisodiy va huquqiy muammolar tug’dirishdan tashqari jamiyatda bo’linishlarga ham sabab bo’lmoqda. “Salvadorga qaytib ket” deb mashinamga xat yozib ketishibdi, deydi Panameno. U Amerika fuqarosi sifatida bundan xafa bo’lganini aytadi.

“Bunda ayirmachilik va nafrat ko’rdim. Men hech qayerga borolmayman, chunki bu yer mening uyim”, deydi u.

Oliy sud Arizona qonunining politsiyachilarga tekshirish huquqini beruvchi qismini ma’qulladi, ammo bir shart bilan. Qonundan norozi bo’lganlar uning ustidan yana sudga murojaat qilishlari mumkin. Shu kunacha Prins Vilyam qonuni ustidan norozi bo’lib sudga murojaat qilganlar bo’lmadi. Ammo masala ustidagi bahslar davom etadi.