G'arb sanksiyalarining Rossiyaga ta'siri qanday bo'lyapti?

  • Amerika Ovozi

AQSh va G’arbning Rossiyaga qo’ygan sanksiyalari bu mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilmoqda. Masalan, oziq-ovqat do’konlarida fevral oyidan beri narxlar 20 foizga oshgan. G’arbda ishlangan mahsulotlar ham qimmatlagan, ba’zi narsalar do’kon rastalaridan asta-sekin g’oyib bo’lmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-iyun, 2022-yil


Tahlilchilar vaziyat yomonlashishini bashorat qilmoqda.

“Sanksiyalar uzoq muddatga qo’yilgan. Oylab emas, yillab davom etadi. Daromadlar uzoq vaqt o’smaydi endi, odamlar qashshoqlashadi”, - deydi rossiyalik iqtisodchi Natalya Zubarevich.

Sanksiyalar oqibatida Rossiyada ko’plab korxonalar ehtiyot qismlarisiz qoldi. Natijada, masalan, avtomobil sanoatidasavdo 80 foizdan ko’pga qisqardi.

“Rossiyada ahvol yomonlashmoqda. Sanoatning ayrim qismlari umuman yo’q bo’lib ketyapti”, - deydi tadbirkor Dmitriy Potapenko.

Rasmiy raqamlardan esa o’zgacha manzara hosil bo’lyapti. Prezident Putin ishsizlik past darajada ekanini aytadi.

“Aprel oyida Rossiyada ishsizlik eng quyi nuqtada bo’lgan. May oyida esa rasman ro’yxatdan o’tgan ishsizlar soni oshmadi, aksincha hatto bir oz pasaydi”, - dedi u.

Aholi inqirozga ishonchsizlik va xavotir bilan yondashmoqda.

“Inflyatsiya hammaga ta’sir qilyapti, chunki narxlar oshgan. Ayniqsa oziq-ovqat, dorilarga”, - deydi ishsiz bir ayol (Estela Kameneva).

“Rossiya qattiq zarar ko’rgani yo’q. AQSh va Yevropaning o’zida inflyatsiya juda yuqori”, - deydi Roman Markov ismli nafaqaxo’r.

Iqtisodchilar ta’minot kamomadi sabab narx oshishda davom etishini, sanoatlar esa parchalanishini bashorat qilmoqda.

G’arb matbuotiga ko’ra, Rossiyaga qarshi mislsiz va ayovsiz sanksiyalarga qaramay, Moskvaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti sustlashgani yo’q.

Sankt-Peterburgda G’arb mamlakatlari ishtirokisiz o’tayotgan xalqaro iqtisodiy forumda ham sanksiyalar mavzusi muhokama etilmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko’ra, G’arb bilan qarama-qarshilik Rossiyaga mustaqil iqtisodiy siyosat yuritishga, taqdirini o’z qo’liga olishga, G’arb mahsulotlari va AQSh dollariga tobelikdan qutulishga bir imkoniyatdir.

"Dollar butun dunyoni o’ziga qaram qilib olgan giyohvand doriga o’xshaydi. Giyohvand moddadan qutulish hamisha qiyindir. Dollar narkotikka aylanganini butun dunyo anglab yetmoqda. Bizni dunyoda yakkalab qo’ymoqchi bo’lishdi, ammo buning uddasidan chiqa olishmadi. Rossiyaning hamkorlari ko’p”, - deydi Putinning iqtisodiy maslahatchisi Maksim Oreshkin.

Forumda Prezident Putin ham so’zladi. U Yevropa Ittifoqini suverenitetini AQShga topshirganlikda, Amerikani esa bug’doy bozoridagi uzilishlarda aybladi.

"Ular o’z sanksiyalari bilan - biznes zanjirlariga zarba berib, kompaniyalarini Rossiyani tark etishga majburlab, Rossiya mulklarini muzlatib iqtisodiyotimiz, moliyamiz, insonlar hayotini yemirmoqchi bo’lishdi, ammo bunga erisha olmadilar”, - dedi Putin.