Karzay Hindistondan ko'proq harbiy madad kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Hamid Karzay, afg'on rahbari

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay to’rt kun Hindistonda bo’ldi. Dehli bilan iqtisodiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

So’nggi yillarda Karzay Hindistonga bir necha bor qadam ranjida qilar ekan, Dehli buni “aloqalarning kuchaygani” bilan izohlamoqda.

Hindiston shu paytgacha Afg’onistondagi qayta qurish va mahalliy askarlarni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish loyihalariga 2 milliard dollar sarfladi. Hind tahlilchi Abhijit Iyer-Mitraning aytishicha, Hindiston harbiy jabhada bundan ham yaxshiroq yordam ko’rsatishi mumkin, ammo Pokistonning e’tirozlaridan cho’chimoqda.

“Bu yaxshi mehmonnavozlik emas, - deydi u. - Uyingizga mehmon kelib, sizning muhimligingizni bot-bot ta’kidlayapti. Siz esa unga uchta vertolyot va ruhiy madad berish bilan kifoyalanyapsiz. Bu chetdan yaxshi ko’rinmaydi”.

AQSh bilan tuzilgan Ikki tomonlama xavfsizlik bitimi ham Karzayning Hindiston safarida tilga olingan. Karzay AQShdan Afg’oniston ichida fuqarolarga hujum qilishni butunlay to’xtatishni talab etib, bitimni imzolashdan bosh tortmoqda.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Said Akbariddinning aytishicha, xavfsizlik bitim Afg’oniston barqarorligi uchun muhim.

“Bizning Afg’onistonga nisbatan munosabatimiz har doim tarafkashlik qilmasdan, hukm o’qimasdan, xolis turish bo’lgan”, - deydi u.

Karzay Hindistonning Puna shahrida qilgan nutqida AQSh xavfsizlik bo’yicha Afg’oniston shartlariga rozi bo’lishi kerak va Afg’onistonga kiritilgan har bir sarmoyadan foyda ko’radi deb aytgan.

Tahlilchi Abhijit Iyer-Mitraning aytishicha, Afg’oniston prezidenti bu hujjatni baribir imzolaydi, ammo Hindiston buni kutib o’tirmasdan, faolroq harakat qilishi kerak. Dehli o’z manfaatlarini himoya qilishni AQShga topshirib qo’ymasligi kerak, deydi u.

Afg’oniston o’tish davriga hozirlanar ekan, xavfsizlik masalasi Kobul, Islomobod va Dehlini birdek xavotirga solmoqda. Jalolobod shahrida Hindiston konsulligiga qarshi qaratilgan xudkushlik hujumi afg’on kuchlari tomonidan to’xtatib qolingani uchun Bosh vazir Manmoxan Singx alohida rahmat aytgan. Har ikki tomon terrorga qarshi kurashda yaqin hamkorlar ekanini aytadi.