Hindiston: AQSh bilan hamkorlik Xitoyga qarshi qaratilmagan

  • Amerika Ovozi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (chapda) va AQSh Prezidenti Barak Obama Dehlidagi biznes forumda, 26-yanvar, 2014-yil

AQSh Prezidenti Barak Obamaning yaqinda Hindistonga qilgan tashrifi chog'ida ikki davlat rahbari Osiyo va Tinch okeani hamda Hind okeani mintaqalarida tinchlik va barqarorlikni o'rnatish bobida hamkorlikka kelishib oldi.

Dehli azaliy raqibi Xitoyning o'sib borayotgan qudratiga qarshi turish uchun AQSh bilan ittifoqchilikka intilib kelgan, ammo so'nggi paytda Hindiston Pekin bilan aloqalarni yumshatishga urinmoqda.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj shu hafta Pekinda bo'ldi. Xitoy Dehlining BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a'zo sifatida kirish harakatiga hamda terrorchilarga boshpana berayotgan va ularni moliyalayotgan davlatlarni jazolovchi, Hindiston muallifligidagi BMT rezolyutsiyasi loyihasiga xayrixohlik bildirgan. Ayrimlar bunday rezolyutsiya Pokistonga qarshi qaratilganini aytmoqda.

Obama Dehliga qilgan so'nggi tashrifi chog'ida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan dengizda harakatlanish erkinligi, dengiz xavfsizligi hamda Osiyo va Tinch okeani, Hind okeani mintaqalarida havo xavfsizligini ta'minlashga kelishib oldi.

Hindiston shu kungacha xavfsizlik masalalarida Vashington bilan to'la hamkorlik qilmagan.

Bu mamlakatning AQShdagi sobiq elchisi va sobiq tashqi ishlar vaziri Lalit Mansingxning aytishicha, Hindiston o'zining qo'shilmaslik siyosatidan deyarli voz kechdi.

“Hech kim Xitoyni ochiqdan-ochiq tilga olmasa-da, diplomatlar va strategik rejalash bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar uzoq muddatda uning tahdid solishini bashorat qilmoqda. Shu sababdan Modining sharq tomon siyosati va Obamaning Osiyoga kattaroq diqqat qaratish siyosati bir-biriga mos tushmoqda. Shu ma'noda AQSh Hindistonning nafaqat strategik hamkori, balki eng asosiy strategik hamkoriga aylanmoqda”, - deydi Mansingx.

Hind-Xitoy iqtisodiy munosabatlari kuchayayotganiga qaramay, 1962-yil urushidan beri ikki davlat o'rtasidagi shubhali qarashlar yo'qolmagan. Ba'zi paytlarda Himalay tog'laridagi hududlar bo'yicha tortishuvlar vujudga kelib turadi. O'tgan yili Dehli Xitoy askarlarini uning hududiga kirganlikda ayblab, Xitoy Prezidenti Si Zinpinning Hindistonga tashrifiga soya tushgan edi.

Hindiston Pekinning Hind okeanida ta'sirini kuchaytirishga harakat qilayotganidan ham tashvishda. Xitoyga qarashli ikki suvosti kemasining o'tgan yili Shri-Lankada ko'ringani Dehlini asabiylashtirdi.

Hindiston poytaxtidagi Hindiston mudofaa va strategik instituti tahlilchisi Sux Deo Munining aytishicha, hind siyosatchilari AQSh bilan yangicha hamkorlik Xitoy bilan muloqotni osonlashtiradi degan fikrda.

“Pekin bosim ostida ekanini sezsa o'zini to'g'ri tutadi degan qarashlar bor. Xitoy bosim ostida bo'lsa, Hindistonga nisbatan yumshoqroq siyosat yuritadi, u bilan til topishish osonroq bo'ladi, deb o'ylaydiganlar bor”, - deydi Muni.

Bosh vazir Modi o'tgan yili hokimiyatga kelganida Osiyoda faolroq siyosat yuritmoqchi ekanini yashirmadi. Qisqa muddat ichida Modi Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarga da'vo qilayotgan Yaponiya va Vyetnam bilan yaqinroq aloqalar o'rnatdi.

Hindiston Xitoyga bas kelish uchun o'z qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishi zarurligini tushungan holda AQShdan qurollar va ilg'or harbiy texnologiyalar olishni istaydi.

Sobiq diplomat Lalit Mansingxning aytishicha, ikki davlat mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan xavfsizlik bobida bo'sh qo'yilgan hamkorlikni tiklamoqchi.

“10 yilga mo'ljallangan mudofaa bobidagi hamkorlikka doir yangi bitimda Yaponiya va Avstraliya kabi davlatlarni ham qo'shma harbiy mashqlarga jalb etib, mashg'ulotlar ko'lamini kengaytirish nazarda tutilgan. Xitoy buni hisobga olishi kerak. Bu Pekinning mintaqadagi agressiv harakatlariga qarshi turuvchi mamlakatlar birligini ko'rsatmoqda", - deydi Mansingx.

Obamaning Hindistonga tashrifini sharhlar ekan, Xitoy davlat matbuoti AQSh-Hindiston aloqalarini yuzaki deb, Dehlini G'arb ta'siriga tushib qolmaslik haqida ogohlantirdi.

Dehli AQSh bilan aloqalarining kuchayayotgani Pekinga qarshi qaratilmaganini Xitoyga yetkazishga harakat qilmoqda. May oyida Hindiston bosh vaziri Xitoyda bo'lib, hind mahsulotlarini bu mamlakat bozorlariga chiqarish, Xitoy sarmoyalarini esa Hindistonga jalb etish xususida muzokara qilishi kutilmoqda.