Hind fermerlari Bosh vazir Narendra Modining dehqonchilikka doir uchta munozarali qonundan voz kechish qarorini olqishlamoqda. Modi hukumatiga nisbatan eng uzoq va eng yirik namoyishlar natijasi bu. Fermerlar ularning boshqa talablarini ham qondirishni so’rarkan, bosimni susaytirgisi yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
“Haqiqat doim g’alaba qozonadi. Huquqlarimiz uchun kurashdik. Tinch va yirik namoyish bo’ldi. Mamlakatimiz, dehqonlar g’alabasi bu”, - deydi fermer Sajjan Singx.
Bu g’alabaga erishish oson bo’lmadi. Dehqonlar bir yil uyidan uzoqda, yo’l chetidagi chodirlarda yashashga majbur bo’ldi. Bozor iqtisodiyotini ko’zlagan islohotlar fermerlar nazarida qishloq xo’jaligi va millionlab odamlar turmushiga jiddiy zarar yetkazgan bo’lardi.
“Hukumat ilk bor namoyishchilar talabiga rozi bo’ldi. Shu paytgacha politsiya norozilarni quvdi. Biroq sikxlar jamoasi maqsadga erishish yo’lida o’limga tayyor edi”, - deydi dehqon Jarnayl Singx.
Munozarali qonunlar bekor qilinganiga qaramay, namoyishchilarning hukumat bilan qarama-qarshiligi bitgani yo’q. Fermerlar boshqa masalalarda ham yon berishni talab qilmoqda. Masalan, barcha dala mahsulotlari uchun muqim narxlarni kafolatlovchi hujjat qabul qilinishini. Hozircha faqat guruch va bug’doy narxlari kafolatlangan.
O’jarligi bilan tanilgan Modining ziddiyatlarga sabab bo’lgan qonunlardan voz kechishi muhim shtatlarda bo’ladigan saylovlarda g’alaba qilish ishtiyoqi bilan izohlanmoqda. Ko’p sonli dehqonlar katta ovoz berish kuchiga ega.
“Bosh vazir g’alaba qilish uchun chekindi. Ortga chekinish, ziddiyatlarni davom ettirmaslikdan foyda ko’proq bo’lishini anglab yetdi”, - deydi siyosiy tahlilchi Nirja Choudxuri.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, bir yillik namoyishlar dehqonlarning bosh vazirga ishonchini so’ndirdi. Modining qonunlarni bekor qilish bayonotidan bir necha kun o’tib ham yo’l yoqasida ko’plab fermerlarni ko’rish mumkin.
“Parlament qonunlarni bekor qilib, bosh vazir qarorni imzolamaguncha hech qayerga ketmaymiz”, - deydi Suxprit Singx.
Modi fermerlarga xayrixoh rahbar sifatidagi imijini yaxshilab, dehqonlar ishonchini qayta qozonishga harakat qiladimi yoki saylovlardan so’ng ularga bergan va’dasiga xiyonat qiladimi? Bu bir necha oydan so’ng ma’lum bo’ladi.