Hindistonda parlamentga hujum rejalagan shaxs dorga osildi

  • Amerika Ovozi

Afzal Guru Jaishi-Muhammad deb nomlangan jangari guruh a'zosi edi.

Hindistonda 2001-yilda parlamentga hujum qilinganida muhim rol o’ynaganlikda aybdor deb topilgan shaxs bugun dorga osildi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 9-fevral, 2013


Oliy jazoga mahkum etilgan bu fuqaro asli kashmirlik musulmon, Afzal Guru.

Poytaxt Dehlining Tihar qamoqxonasida qatl etilgan va o’sha yerdagi mozorga islomiy udumlarga ko’ra dafn etilgan.

Afzal Guru, deydi rasmiylar, nafaqat parlamentga xurujni rejalagan, balki Jaishi-Muhammad deb nomlangan terrorchi guruh a’zosi bo’lgan. Bu to’da qator jinoyatlarda gumon qilinadi.

Yurtdoshining dorga osilganidan norozi minglab fuqarolar Afzal Guruning ona shahri Soporda namoyishga chiqqan. Kashmir vodiysi fuqarolari bugungi qatlni qoralaydi, deydi ular.

Hindiston prezidenti Pranab Mukerji Afzal Guruning qonidan kechishi mumkin edi, ammo kechmagan. Inson huquqlari tashkilotlari nazarida Guruning sudi adolatli o’tmagan.

2001-yilning dekabrida besh qurollangan shaxs parlamentga bostirib kiradi, o’t ochib, to’qqiz kishini o’ldiradi. Politsiya hujumchilarning hammasini yo’q qilgan. Keyinchalik bir necha kishi xurujda ayblanib, qamoqqa olingan va sudlangan. Afzal Guru shulardan biri.