Breaking News

Hindiston va Xitoy aloqalari yaxshi, ammo raqobat davom etmoqda


Hindiston Tijorat vaziri Anand Sharma (o'ngda) Xitoy vaziri Chen Demin bilan. 2012-yil avgust.
Hindiston Tijorat vaziri Anand Sharma (o'ngda) Xitoy vaziri Chen Demin bilan. 2012-yil avgust.
Hindiston va Xitoy o’rtasidagi urushdan 50 yil o’tib, Osiyoning ikki qudratli davlati o’zaro hamkorlikni kuchaytirmoqda. Ikki tomonlama savdo misli ko’rilmagan darajaga yetdi. Biroq strategik raqobat hali tugaganicha yo’q, aksariyat hindistonliklar Xitoyni nafaqat raqib, balki qo’shni Pokiston kabi tahdid deb hisoblaydi.

Hind rasmiylari Xitoy bilan Himalay tog’larida 1962-yilda yuz bergan urushning 50 yillik sanasi haqida lom-lim demadi, mag’lubiyat bilan tugagan mojaroni eslashni xohlamadi.

Biroq ayni vaqtda rasmiylar so’nggi yarim asr ichida vaziyat tubdan o’zgargani va bugunga kelib Hindiston o’zini himoya qilishga qodirligini turli uchrashuv va anjumanlarda ta’kidlab keladi. Amalda esa ikki tomonlama aloqalar rivojlanmoqda.

"Urushning psixologik ta’siri hamon sezilsa-da, aloqalarning chuqurlashishiga halaqit bermayapti. O’tmishni batamom unutishning iloji yo’q, albatta, lekin so’nggi 10 yilda har ikki taraf nozik tortishuvli masalalarni chetga surib, o’zaro munosabatlarni rivojlantirishga harakat qildi,” – deydi Dehlidagi Javaharlal Neru nomli universitet xitoyshunosi, professor Alka Acharya.

Siyosiy munosabatlar yaxshilandi. Iqtisodiy hamkorlikni gapirmasa ham bo’ladi. Xitoy Hindistonning eng yirik savdo hamkoriga aylandi, o’zaro savdo aylanmasi 75 milliard dollarga teng.

Muammolar ham yo’q emas. Ikki taraf 4000 kilometrlik chegara yuzasidan mojaroni hal etmagan. Bundan tashqari ham Dehli, ham Pekin Osiyo mintaqasida qudratini oshirishga harakat qilmoqda.

Dehlidagi Siyosiy tadqiqotlar jamiyati tahlilchisi Udey Baskar fikricha, Xitoy Hindiston uchun jiddiy raqib:

“Bir-biriga shubha bilan qarash haliyam davom etyapti. Biz, hindistonliklar fikricha, Xitoy qudratimiz oshayotganidan hayiqib, jarayonni to’xtatishga harakat qiladi. Eng kuchli xavotir esa Xitoyning Pokiston bilan strategik hamkorligi, xususan yadro quroli va raketalar borasida. Xitoy Pokistonni Hindiston manfaatlariga qarshi harakat qilishga undayapti. Bu esa bizga ma’qul emas”.

So’nggi yillarda Hindiston harbiy maqsadlarda, xususan qurol-aslaha sotib olish uchun xarajatlarni oshirdi. Tahlilchilar fikricha, bu nafaqat an’anaviy raqib Pokiston, balki Xitoyga qarshi qaratilgan. Dehli 1962-yil urushiga sabab bo’lgan va Xitoy bilan chegaradosh Arunachal Pradesh viloyatida harbiy infratuzilmani mustahkamlamoqda. Qo’shinlar harakatini osonlashtiradigan katta avtomobil yo’li qurilyapti, chegara yaqinida to’rtta yangi diviziya joylashtirildi.

Ammo ikki davlat o’rtasidagi tinchlik va hamkorlik davom etadi, deydi mutaxassislar. Xitoy va Hindiston aholisi bir milliarddan oshgan. Asosiy vazifa – iqtisodiy o’sish va farovonlikni ta’minlash. Bunga esa faqat tinchlikni saqlash orqali erishish mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG