Hindistonda haj ziyorati uchun davlat mablag' ajratmaydi

  • Amerika Ovozi

Kabani ziyorat qilish uchun har yili butun dunyodan millionlab musulmonlar Saudiya Arabistonining Makka shahriga tashrif buyuradi.

Hindiston Oliy Sudi hukumatdan musulmonlarga haj uchun subsidiya, ya’ni mablag’ berishni to’xtatishni so’radi. Millionlab dollar haqida gap ketmoqda. Musulmon aholi buni bosiqlik bilan qarshi oldi.

Hindistonda fuqaro hajga borsa, xarajatning bir qismini hukumat qoplaydi. Oliy Sud shu hafta mazkur amaliyotga sekin-asta chek qo’yish kerak, deya xulosa qildi.

Islomda moliyaviy imkoni bor sog’lom erkak va ayol uchun umrida bir marta haj qilish farz. Qashshoqlar bundan ozod qilingan.

Hindiston tarixida hindu musulmon adovatiga doir qonli dog’lar, alam yo’q emas. Lekin Oliy Sudning hajga doir qarori mamlakat musulmon yetakchilari orasida norozilik uyg’otmadi.

Turli musulmon guruhlarini o’zida jamlagan Majlisi Mashvarat Butun Hindiston Musulmonlari tashkiloti prezidenti Zafarul Islom Xonning aytishicha, subsidiya orqali hukumat aslida musulmonlarga emas, davlat aviakompaniyasiga yordam berayotgan edi.

“Musulmonlarning, umuman olganda, bunday yordamga mayli yo’q. Safar uchun subsidiya “Air India” kompaniyasi hisobiga borib tushadi”, - deydi u.

Moliyaviy ko’mak dasturi 1973-yilda boshlangan. O’sha yili hajga dengiz orqali borish berkor qilindi. Hukumat musulmonlar noroziligining oldini olish uchun samolyot bileti narxinini qoplaydigan bo’ldi. Xonning aytishicha, bu ishning ortida siyosiy maqsadlar bo’lgan.

“Biz hech qachon yordam so’ragan emasmiz. Lekin hukumat savob, iltifot tariqasida va musulmon saylovchilar ko’nglini ovlab shunga qo’l urdi”, - deydi suhbatdosh.

Hindistonda har yili taxminan 100 ming odam ziyorat uchun hukumatdan yordam oladi. 2011-yilda hajga borgan Arman Xolid Hoshimiyning aytishicha, davlat pul bermasa ham musulmonlar bu amalni ado eta oladi.

“Hajga sarflanadigan pul o’zimizniki bo’lishi kerak. Yordam dasturi bekor qilinsa qilinibdi”, - deydi u.

Hindiston, konstitutsiyaga ko’ra, dunyoviy davlat. Hukumat biror diniy guruhga imtiyoz yoki moyillik ko’rsatishi taqiqlangan. Ko’plar shu bois haj uchun beriladigan yordamni tanqid ostiga oladi. Oliy Sud qaroriga ko’ra, 10 yilda subsidiyalar butunlay to’xtashi kerak.