Indoneziyada 8,6 ballik zilzila

  • Amerika Ovozi

Ache ahli vahimada

Indoneziya shimoli-g’arbida 8,6 ballik zilzila ro’y bergan. Hind okeani mintaqasi sunami ehtimoli haqida ogohlantirilmoqda. Ache viloyatida birinchi silkinishdan ikki soat o’tib yer 8,2 ballda yana qimirlagan. Singapur, Tailand va Hindistonda binolar borib-kelgani aytiladi.

2004-yilda Indoneziyaning Sumatra orolida kuchli zilzila sunamini avj oldirib, 230 ming odamni hayotdan olib ketgan edi. O’lganlarning yarmi Ache viloyatida edi.

Meteorologlar bugun Hind okeanidagi 28 davlatda katta, halokatli to’lqinlar paydo bo’lishi mumkin, demoqda. Indoneziya prezidenti Susilo Bambang Yudxoyono Ache tevaragida vaziyat nazorat ostida va xavotirga o’rin yo’q, deydi.

Odamlarni ko’chaga haydagan bu ofatdan talofatlar haqida hali ma’lumot yo’q. Ayrim tumanlarda elektr ta’minoti uzilgan. Hukumat sohilbo’yidan aholini evakuatsiya qilishga kirishmoqda, fuqarolarni teparoq shaharlarga ko’chish maslahat berilgan.

Yaponiyada o’tgan yili qaqshatqich zilzila 19 ming kishini o’ldirgan edi.