Din

Bayden: Amerika uchun diniy erkinlik bebaho qadriyat

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden

Vashingtonda "Birdamlik, Tushunish va Tinchlik" deb nomlangan dinlararo yig'in o'tkazildi. Unda AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden ishtirok etdi.

AQShda musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchaygan bir paytda bu tadbirning o'tkazilayotgani muhim ahamiyatga ega.

Jorjtaun universitetida o'tgan tadbirga nasoro, yahudiy, musulmon va sikh e'tiqodiga mansub dindorlar keldi.

Rang-barang e'tiqoddagi odamlar yig'ilgan zalga qarata Jo Bayden, "Bu Amerika. Mana shu Amerika", deya xitob qildi.

AQSh viste-prezidenti, shuningdek, musulmonlarni alohida ro'yxatga olishga yoki ularning mamlakatga kirishini taqiqlashga chaqirayotgan siyosatchilarni qoraladi.

"Islomiy davlat"ning maqsadi shu, tamaddunlarni to'qnashtirib, ko'proq musulmonlarni xalifalikka jalb etish, dedi Bayden.

"Meni ajablantirayotgan narsa shuki, ayrim siyosatchilar buni tushunmayapti - dedi AQSh vitse-prezidenti. - Ular istayotgan narsa terrorchilar xohlagan narsaning o'zi".

Jorjtaun universiteti talabasi Layla Brozers o'z onasi bilan bog'liq hikoyani so'zlab berdi.

"Onamdan ro'molingizni yechishingiz mumkinki, deb so'radim, - deydi u. - Onam esa shunday javob berdi: Yo'q, agar odamlar musulmonlardan shunchalik xavotirlanayotgan bo'lsa, ularga alohida belgi qo'yilishini istayotgan bo'lsa, shu hijob mening belgim bo'lsin".

Yig'inda boshqa e'tiqod vakillari - buddaviylar, hindular va bahaizm dini vakillari ham qatnashdi.