Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekistonda hunarmand 1997-yildan beri daromad solig’idan ozod qilingan. Bu katta imtiyoz, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ustalar. Hunarmand yurtni madaniy jihatdan dunyoga tanitadi, vatanda esa ozmi-ko’pmi odamlarni ish bilan ta’minlaydi.
Nyu-Meksika shtatining Santa-Fe shahridagi xalqaro yarmarkaga (Santa Fe International Folk Art Market) O’zbekistondan 25 hunarmand va tadbirkor taklif qilindi. Bebaho mahsulotini samolyotga ortib, yo’l xarajatlarini o’zi qoplab Amerikaga kelgan bu insonlar festivalda tushgan daromaddan mamnun.
Santa-Fe shahrida, o’n yildan oshibdiki, har yili shunday tadbir o’tadi. Ustalar, sozanda va xonandalar uchun jahon eshiklarini ochib beradi.
Muhayyo Aliyeva “Bibi Xonim” savdo belgisi ostida milliy liboslarini olib keldi bu ko’rgazmaga.
Ikatning unutilgan naqshlarini yana bor qilib hurmat qozongan usta kelasi oy Nyu-York shahridagi hunarmandlar ko’rgazmasiga (Artisan Resource Show) yo’l oladi. Santa-Feda asosan milliy yo’nalishdagi liboslar tomoshada, Nyu-Yorkdagi marosimga esa zamonaviy va milliy ruhni mujassam etgan kiyimlar tanlanadi. Muhayyo Toshkentdagi “Bibi Xonim” dizayn kompaniyasining asoschisi. Uning bu yilgi yutuqlaridan biri – amerikalik libossoz Dena Harris bilan Amerika bozoriga mos kiyimlar to’plamini tikdi.
Amerika Ovozi: Amerikadagi muharrirlar bilan ishlayapsiz. Libossozlar bilan hamkorlik qilayapsiz. Bunda ingliz tilini bilishingiz katta yordam berdi, shunday emasmi?
Muhayyo Aliyeva: “Katta yordam berdi, haqiqatan. Baryer degan narsa yo’q. Ishlarimni oson bitiraman”.
Amerika Ovozi: “Siz bilan kelgan boshqa hunarmandlar ham inglizchani biladimi?”
Muhayyo Aliyeva: “Afsuski, hunarmandlar orasida til biladiganlar juda kam. Santa-Fega ham ko’pincha tarjimon orqali kelishadi. Albatta, hunarmandlarimizning ishlari juda yuqori talablarga javob beradi. Til bilmasliklari ozgina halaqit berishini tan olish kerak. Tilni bilganidan ular mahsulotini, san’atini yanada yaxshiroq tushuntirib bergan bo’lar edi”.
Amerika Ovozi: “Toshkentda yoki boshqa shahar va viloyatlardan hunarmandlar Santa-Fe festivalida qatnashmoqchi bo’lsa, nima maslahat bergan bo’lardingiz?”
Muhayyo Aliyeva: “Til bilish albatta oson ish emas. Chunki hunarmand avvalambor o’zining ishini qilish bilan band bo’ladi. Til o’rganish juda ko’p vaqt olishi mumkin. Ular bilan tarjimon ishlashi shart menimcha. Bundan tashqari, festivalda qatnashaman deb bir marta hujjat topshirib, o’tolmay qolsa, ikkinchi marta erinmasdan yana topshirishga harakat qiling”.
Amerika Ovozi: “O’zbekistondagi sharoitni bilasiz. Biznes sirlarini o’rganayapsiz. O’zbekistondagi hunarmand biznes, savdo masalasida nimalardan oqsaydi?”
Muhayyo Aliyeva: “Hunarmandlar bilan juda ko’p ishlaganman. Ular juda ham buyuk talantga ega bo’lishi mumkin. Lekin bu ajoyib mahsulotini sota olmasligi mumkin. Inson yaxshi san’atshunos bo’lishi mumkin, ammo molini sota olmasligi katta xato deb o’ylayman. Agar hunarmandlarga biznes bo’yicha treninglar, seminarlar tashkil qilinsa, ularga juda katta foyda bo’lar edi”.
Muhayyo Aliyeva: “O’zim “Bibi Xonim” mahsulotlarini tanlaganimdan maqsad O’zbekistonning milliy qadriyatlarini saqlab qolish, ularni jahon bozoriga olib chiqishdir. Men bilan ishlayotgan guruh asosan ayollardan iborat. Ularni ish bilan ta’minlab, ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlashni maqsad qilganman. Shu bilan O’zbekistonning iqtisodiyotiga oz bo’lsa ham hissa qo’shsam”.
Ayol kishi erkakka yordamchi bo’lishi kerak
Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidan kashtado’zlar Ramazonov Farhod va Muhabbat Qo’chqorova bu kasbda 15 yildan beri birga. Besh nafar qizni katta qilib, ularni ham hunarga yetaklashdi, bugun oilaviy kashtachilik markazida ishlashadi. Qo’llarida qishloq ayollari band. Bu ikki usta Shofirkonning XIX asrga oid qadim naqshlarini asl holiga keltirishda salmoqdor hissa qo’shgan.
Ramazonov Farhod: “Shofirkondan ikkalamiz, ayolim Qo’chqorova Muhabbat bilan birga kelganmiz. So’zanalarni olib kelganmiz. Festivalda birinchi bor qatnashishim. Hunarmandchilik bilan 15 yildan beri shug’ullanaman”.
Amerika Ovozi: “Festival haqida qayerdan eshitdingiz? Hujjat topshirish qiyin bo’lmadimi?”
Ramazonov Farhod: “Avval kelgan hunarmand hamkasblardan eshitdik. Hech qiyinchilik bo’lgani yo’q. Bizlarning mahsulotimizni internet orqali ko’rib, haqiqatan sifatli ekanini ko’rib festivalga taklif qilishdi”.
Amerika Ovozi: “Boshqa tanlov, festivallarda qatnashganmisiz o’zingizning mahsulotingiz bilan?”
Ramazonov Farhod: “O’zimizning Buxorodagi, Toshkentda bo’lib o’tgan festivallarning barchasida qatnashganmiz. Birinchi o’rinlarni olganmiz. 15 yildan beri shu ish bilan shug’ullangan bo’lsam, qizlarimni turmushga chiqarganman. Oilamda hammasi yetarli, shart-sharoitlarim bor. Ayolim bilan birgalashib, hamjihatlikda ishlab kelayapmiz”.
Qo’chqorova Muhabbat: “15 yildan beri shug’ullanaman shu ish bilan. Onamdan o’rganganman bu hunarni. Qizlarimga o’rgatganman. O’zimning besh nafar qizim bor. O’zimdan ko’rib boshqa qizlar ham kelib o’rganishayapti. Ishchilarim bor. Qishloq ayollariga ish berdik shu kashtaning ketidan. Amerikagacha, Santa-Fegacha keldik shu hunar orqali”.
Amerika Ovozi: “O’zbekistonlik hunarmand Amerikaga kelib, bu yerdagi, boshqa davlatdan tashrif buyurgan ustalarga nimani o’rgatishi mumkin?”
Qo’chqorova Muhabbat: “Bizlarga kecha Xitoydan kelib taklif qilishdi. Kelib o’rgatasizmi deb so’rashdi. Biz ham ha boramiz dedik. Taklif qilishsa albatta-da!”
Amerika Ovozi: “Qishloq ayollari o’zining kasbi bo’lishi, o’zining biznesi bo’lishi qanchalik muhim?”
Qo’chqorova Muhabbat: “Ayol kishi erkakka yordamchi bo’lishi kerak. Ayol bilan erkak birga ishlasa, hammasi to’la-to’kis bo’ladi”.