Uyg'ur faollari Bryusselda o'z dardini bayon qilmoqda

Shinjon-Uyg'ur muxtoriyati, Xitoy

Jahon Uyg’urlari Qurultoyi Xitoy hukumatini Shinjondagi voqealarni aniqlashga chaqirmoqda. Tashkilot bayonotiga ko’ra, kecha Qashqarda politsiya o’qidan halok bo’lgan uyg’urlar orasida begunoh o’smirlar ham bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Uyg'ur yetakchisi To'lqin Isa bilan suhbat/Malik Mansur


Sharqiy Turkistonda to’qnashuvlar tez-tez kuzatilayotgani uyg’urlarga nisbatan siyosat keskinlashib borayotgani bilan izohlanadi. Chet eldagi uyg’ur yetakchilari bugun Bryusselda, Yevropa Parlamentida so’zlab, Sharqiy Turkistondagi vaziyat borasida ma’lumot berayapti.

Bosh qarorgohi Germaniyada joylashgan qurultoy Qashqardagi hujumda politsiya 14 uy’gurni otib o’ldirgani yuzasidan norozilik bayonoti tarqatdi.

Unga ko’ra, voqea tafsilotlari jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Pichoq bilan qurollangan uyg’urlar nega politsiyaga hujum qilgan, o'lganlar kimlar - bular sinchiklab tergov qilinishi lozim.

Tashkilot ma’lumotiga ko’ra, o'lganlar orasida ikki o’smir bor. Ular politsiyaning tartibsiz o’q otishi natijasida jon bergan.

Xitoy matbuoti izohicha, Qashqar yaqinida reyd o’tkazayotgan politsiyachilarga pichoq va portlovchi moslamalar bilan qurollangan kishilar tashlangan. Voqeada ikki politsiyachi, hujum qilganlardan 14 kishi o’lgani xabar qilinadi.

Xitoy hukumati boshqa ma’lumot tarqatmagan, hujum yuz bergan joyga jurnalistlar kirtilmayotgani aytiladi.

So’nggi paytda Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida hukumat kuchlari va mahalliy aholi o’rtasida to’qnashuvlar muntazamlashgan. Pekin bularda islomiy jangari guruhlarni ayblab keladi.

Jahon uyg’urlari qurultoyi bosh kotibi To’lqin Isa so'zlariga ko’ra, Sharqiy Turkistondagi noroziliklar sababini uyg’urlarga nisbatan shafqatsiz siyosat, musulmonlar tazyiqda yashayotganidan izlash kerak.

“Sharqiy Turkistonda biror norozilk harakati yuz bersa, Xitoy hukumati buning sababi uyg’urlarga nisbatan mavjud bosim siyosati ekanini ko’rmasdan, balki sabablarini tashqi omillardan izlashga tushadi”, - deydi u.

Isaning aytishicha, norozilik tobora faollashgani mavjud siyosat inqirozidan darak bermoqda.

“Sharqiy Turkiston Xitoy kommunistlari tomonidan qurolli tarzda mustamlaka qilinishidan buyon kurash to’xtagani yo’q. Bundan tashqari, mintaqadagi qardosh jumhuriyatlarning kommunistlar mustamlakasidan qutulib, mustaqillikka erishishi uyg’ur xalqining ozodlikka bo’lgan umidini yanada uchqunlantirdi. Bizda ham mustaqillikka ishonchimiz mustahkamlandi, Sharqiy Turkistonda ozodlik uchun kurash umidi yanada kuchaydi. Albatta, Xitoy hukumatining ham uyg’urlarga nisbatan bosimi, tazyiq va ta'qiblari keskinlashdi”, - deydi To’lqin Isa.

Uyg’urlar va Xitoy hukumati o’rtasida ziddiyat o’tgan asrning 50 yillaridan Sharqiy Turkistonning majburan Xitoyga qo’shib olinishiga borib taqaladi. Mustamlakaning dastlabki yillarida bosimlardan bir qadar xoli bo’lgan mintaqada keyinchalik xitoylashtirish siyosati boshlanadi.

Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatiga mamlakatning turli viloyatlaridan millionlab xitoylar ko’chirib kelinadi, tub aholi bo’lgan uyg’urlar haq-huquqlarini cheklash boshlanadi.

Milliy huquqlar uchun kurashgan faollar qamoqqa tashlanadi, ko’plari o’lim jazosiga hukm qilinadi, minglab uyg'urlar esa vatanini tark etishga majbur bo’ladi.

Muhojirlikda milliy ozodlik va uyg’urlar haq-huquqlari himoyasi uchun kurashishni maqsad qilgan Jahon uyg’urlari qurultoyiga asos solinadi.