AQShning Afg’onistondagi kuchlari qo’mondoni general Jon Allenning aytishicha, 17 nafar afg’on fuqarosining AQSh askari tomonidan o’ldirilishiga harbiy rahbariyatning loqaydligi ham sababdir.
AQSh harbiy kuchlari serjanti Robert Beyls qotillikda ayblanmoqda. Rasmiylarning aytishicha, ushbu jinoiy ish bo’yicha davom etayotgan tergov doirasida Beyls xizmat qilgan harbiy qism ham tekshiruvdan o’tkazilmoqda. Bu jinoyatning yuz berishida rahbariyatning loqaydligi ehtimoliy sabablardan biri bo’lishi mumkin, deydi tergovchilar.
“Bu ishlarning har birida rahbariyatning qaysidir darajada aybi bor”, deydi general.
Allen avvalroq Vashingtonda qonunchilar va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar oldida Afg’onistondagi o’n yillik urushning samarasi va oqibatlari haqida so’roqqa tutildi. Mamlakat rasmiylari ushbu muammolarning asl sababi nimada ekanini bilishni xohlaydi.
Generalning aytishicha, aksariyat harbiylar Afg’onistonda o’z vazifasini muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.
“Afg’onistonda bir necha bor xizmat qilish va bundan oldin Iroqda ham bo’lish harbiy salohiyatimizga salbiy ta’sir ko’rsatmaydi”, deydi u.
General Allen bu masalaga ochiqlik kiritmadi. Beyls qotillikni sodir etishdan oldin harbiy qismda spirtli ichimlikni ko’p iste’mol qilgani haqida jurnalistlar so’ragan savol ham javobsiz qoldi.
Barcha masalalarga tergov ishlari yakun topgandan song aniqlik kiritiladi, dedi u.
AQSh harbiy kuchlari halok bo’lgan va yaralangan afg’onlar oilalariga tovon puli to’ladi. Qotillikda ayblanayotgan serjant Beyls hozirda Kanzas shtatidagi qamoqxonada saqlanmoqda.