Qo'shma Shtatlar eronlik olimning o'limiga aloqasi yo'qligini aytmoqda. Oq uy matbuot kotibi Tommi Vaytorning bildirishicha, AQSh har qanday zulmni qoralaydi.
Kecha Tehronda Eron yadro dasturi bilan shug'ullangan olim Mustafo Ahmadi Roshan bomba xurujida o'lgan. Eron AQSh va Isroilni ayblagan.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton bu hodisaga munosabatini bildirib o'tdi.
"AQShning Erondagi xurujga aloqadorligini butunlay inkor etaman", - deydi Klinton.
Eron matbuotiga ko'ra, motosikl mingan ikki kimsa magnitli bombani olimning mashinasi ostiga qo'ygan. Portlash oqibatida Roshan va uning haydovchisi o'lgan, ko'chadagi odamlardan biri jarohat olgan.
Eron vitse-prezidenti Muhammad Rizo Rahimiyning aytishicha, xuruj atom dasturini to'xtatishga qaratilgan, ammo g'animlar bunning uddasidan chiqa olmaydi.
Isroil ham voqeaga aloqadorligini inkor etmoqda. Ammo bu davlat qurolli kuchlari bosh shtabi qo'mondoni, general-leytenant Benni Gantzning kecha Isroil parlamenti qo'mitasiga aytishicha, 2012-yil Eron uchun muhim davr bo'ladi, mamlakat notabiiy jarayonlarga yuz tutadi.
So'nggi ikki yilda atom dasturiga aloqador eronlik uch olim xurujlarda o'lgan. Eronda chiqadigan "Kayhon" gazetasi muharriri hukumatni javob chorasiga chaqirmoqda.
"Isroil harbiy qo'mondonlari va rasmiylarini yo'q qilish qiyin emas", - deyiladi gazetada.
Eron atom dasturiga qarshi chiqayotgan davlatlar unga bosimni kuchaytirar ekan, Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod ittifoqchi izlab Lotin Amerikasi bo'ylab safar qilmoqda.
Ahmadinejod kecha Kubada bo'lib, vitse-prezident Esteban Lazo bilan uchrashdi, bugun esa prezident Raul Katro va sobiq rahbar Fidel Kastro bilan muloqot qiladi. Ahmadinejod Gavana universitetida ham so'zlashi kutilmoqda. Kubagacha u Venesuela va Nikaraguada bo'lib, bugun Ekvadorga yo'l oladi.