Eron arab davlatlarini neft miqdorini oshirmaslikka undamoqda

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod

Eronning Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti, OPEKdagi vakili Muhammad Ali Xatibiy guruhga a'zo arab davlatlarini G'arb Eron neft sanoatiga nisbatan sanksiya qo'ysa, xom neft ishlab chiqarish hajmini oshirmaslikka chaqirmoqda.

"Bunday tashabbus do'stona qadam deya baholanmaydi va oqibatlari qanday bo'lishini oldindan aytib bo'lmaydi", - deydi Xatibiy.

O'tgan hafta Eron uranni kuchliroq boyituvchi yangi inshootining ishga tushgani haqida ma'lum qilgach, G'arb diplomatlari xavotirga tushgan. Ular nazarida Eron atom quroli ustida ishlamoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi Eronni yadro dasturidan qaytarish uchun shu kungacha to'rt xil sanksiya qo'ygan.

Shu oy oxirida Yevropa Ittifoqi Eron neftiga nisbatan embargo masalasini muhokama qiladi. Shunday bo'lgan taqdirda rasmiy Tehron Xo'rmuz bo'g'ozini yopishga do'q-po'pisa qilgan. Bo'g'oz orqali mintaqada har kuni ishlab chiqariluvchi tonnalab neft kemalarda olib o'tiladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Eronni provokatsiyadan tiyilishga va yadro quroliga doir dasturidan voz kechishga chaqirdi.

Bu o'rtada Xitoy Eronga katta miqdorda benzin sotishda vositachilik qilgan davlat neft kompaniyasining AQSh sanksiyasiga uchraganidan norozi. Qo'shma Shtatlar nazarida Juxay Chjenjun kompaniyasi so'nggi olti oy davomida 500 million dollarlik neftni Eronga o'tkazishda qo'li bo'lgani uchun jazolanmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, sanksiyalar asossiz va BMT Xavfsizlik Kengashining Eron bo'yicha rezolyutsiyalariga zid.

Xitoyga shu hafta safar qilgan AQSh Moliya vaziri Timoti Geytner rasmiy Pekindan Eronga nisbatan yangi jazo choralarini qo'llab-quvvatlashni so'ragan. Rad javobini olgandan so'ng Xitoy kompaniyasining o'zi sanksiyaga uchragan.