Eron prezidenti Italiyada. Keyingi manzil - Fransiya

  • Amerika Ovozi

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bugun Italiyaga bordi. Safar aslida noyabrga rejalangan edi, biroq Parijdagi xurujlar sabab qoldirilgan.

Ruhoniy Rimda Bosh vazir Matteo Rensi va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi, iqtisodiy forumda so'zlaydi. Shundan so'ng Rim papasi bilan ko'rishib, chorshanba kuni Fransiyaga yo'l oladi.

Yadro dasturiga doir xalqaro bitimning qabul qilingani Eronga Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarini yaxshilashga imkon berdi.

Fransiya Prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, Eron Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni yumshatib, Saudiya Arabistoni bilan taranglikka barham berishi zarur.

Xalqaro sanksiyalardan xoli bo'lgan Tehron Yevropa bozorlarini zabt etmoqchi. Ruhoniyning aytishicha, mamlakatiga xorijiy sarmoyalar kerak.

Eron Italiya bilan savdo miqdorini 30 milliard dollarga yetkazish umidida, Fransiyada esa avtomobilsozlik, qishloq xo'jaligi, aviatsiya sohalarida biznes aloqalarni kuchaytirmoqchi. Jumladan, islomiy respublika Fransiyadan Aerobus rusumidagi 114 ta samolyot sotib olmoqchi, Pejo va Reno avtomobil kompaniyalari Eron bozoriga kirmoqchi, biroq fransuz banklari Tehron bilan biznes qilishga hozircha tayyor emas.

Fransiyalik tahlilchilardan birining aytishicha, Eron bozori Xitoynikidek ulkan emas, raqobat kuchli bo'ladi.