Iroqda hokimiyatda qolish uchun kurashayotgan Bosh vazir Nuri al-Malikiy qo’shnilar madadini izlar ekan, Eron arbobni qo’llab-quvvatlashini aytmoqda. Qo’shma Shtatlar nazarida esa Eron Iroq ichki ishlariga aralashmoqda.
Nuri al-Malikiy kecha Tehronga safar qilib, din va siyosat ahli bilan muzokara qilgan.
Eron tashqi ishlar vaziri muovini Rauf Shayboniyning aytishicha, Malikiy Iroqni boshqarishga eng munosib shaxs. AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etayotgan nozik bir pallada Malikiyning tajribasi g’oyat zarur, deydi Shayboniy.
Eron diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy Iroqda xavfsizlikni ta’minlash va tezlikda yangi koalitsion hukumat tuzish zaruratini uqtirsa-da, Malikiyni ochiqdan-ochiq yoqlamagan.
AQSh Davlat departamenti qo’shni davlatlar bilan do’stona rishtalar bog’lash zaruratini e’tirof etib, Malikiyning tashrifi borasida e’tirozimiz yo’q, demoqda. Biroq Oq Uy Eronni Iroq suverenitetini hurmat qilishga undamoqda. Islomiy davlat zo’ravonlikni qurol qilgan kuchlarni qo’llab-quvvatlashni bas qilsa maqsadga muvofiq bo’lar edi, deydi Davlat departamenti rasmiylari.
Tehrondaligi chog’ida Malikiy iroqlik arbob, vatanidan quvilgan Muqtada al-Sadr bilan ham uchrashgan. Sadr AQShga qarshi qarashlari bilan tanilgan. Xorij qo’shinlari Iroqdan ketsin, deb talab qilib keladi. U Bosh vazir Malikiyga dalda berib, lavozimda qolishini yoqlagan.
Holbuki, 2008-yilda Malikiy Sadrning Mahdi armiyasini ta’qib qilib, uning o’zini mamlakatdan quvgan edi. AQSh rasmiylarining aytishicha, shia arbob zo’ravonlikdan voz kechmagan va bu ittifoq Iroqqa pand berishi mumkin.
Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar beqaror Iroqda siyosiy jarayonga aralashgan qo’shnilardan xavotirda.
“Qarorni Iroq qabul qilishi lozim. Partiyalar koalitsiya tuzishga harakat qilmoqda, buni ko’rib turibmiz. Biroq Eron Iroq ishlariga aralashayotgani tashvishlanarli. Iroq hukumati boshqa davlatdan emas, o’z xalqidan fikr so’rab ish ko’rgani ma’qul”, - deydi Krouli.
Mart oyidagi parlament saylovlarida Nuri al-Malikiyning koalitsiyasi ikkinchi o’rinni, sobiq bosh vazir Ayad Allaviy ittifoqi birinchi o’rinni egallagan edi. Biroq hech biri mutlaq ko’pchilik ovoz olmagan va kichik partiyalar bilan koalitsiya tuzishi kerak bo’ladi.