Eron yadro dasturi, tugal sana yaqinlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Tehron

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Venaga yo'l olib, Eron yadro dasturi yuzasidan muzokaralarda qatnashadi. Kelasi seshanba kunga qadar taraflar tugal bitim imzolashi kerak.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif shanba kuni Kerri bilan muzokara qilishi kerak. Ayrim taxminlarga ko'ra, muzokaralar uzaytirilishi mumkin. Chunki Tehron aprelda erishilgan dastlabki bitimdan chekina boshlagan.

Eron diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy shu seshanba kuni xalqaro sanksiyalarni zudlik bilan olib tashlashni talab qilgan.

Bitim imzolanganidan keyin, G'arb taklif qilganidek, bosqichma-bosqich emas, darhol olib tashlash kerak sanksiyalarni, deydi u.

Jon Kerri kecha oyatullaning so'zlari atrofidagi shov-shuvni tinchlantirishga urinib, bu so'zlar faqat Eronning aholisiga qaratilgan siyosiy bayonot edi, xolos, degan.

Kelishuvga ko'ra, Eron o'zining yadroviy tadqiqotlarini qisqartiradi, evaziga Tehronning iqtisodiyotini siqib qo'ygan sanksiyalar sekin-asta olib tashlanadi.