Qo'shma Shtatlar Tehron ballistik raketa dasturiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga sanksiya qo'yishni kechiktirmoqda.
Jami 12 shaxs va Eron, Gonkong hamda Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan kompaniyalar jazolanishi to'g'risida sal avval xabarlar tarqalgan edi.
Oq uy rasmiysiga ko'ra, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Amerika banklari ro'yxatga kiritilgan odamlar va firmalarga qarashli hisoblarni muzlatishi mumkin. AQSh bizneslari ular bilan aloqa qilmasligi lozim bo'ladi.
Eron oktabr va noyabr oylarida ballistik raketalarni sinovdan o'tkazgan. "Mamlakatimiz o'zini mudofaa qilishga haqli, AQSh bu ishlarga aralashmasin", - deydi Prezident Hasan Ruhoniy.
Amerika va Fransiya nazarida oktabrgi sinov BMT Xavfsizlik Kengashining bunday amaliyotni taqiqlovchi hujjatiga ziddir.
Tehron ayblovni rad etmoqda. Sanksiya jangovar kallakchani tashiy oladigan raketalarga taalluqli edi; oktabrda bunday raketa sinalmadi, deydi Eron tomoni.
Tehron AQSh qo'yadigan ehtimoliy sanksiyalarni shu yoz erishilgan xalqaro kelishuvga zid deb hisoblaydi. Kelishuv Eronning yadroviy dasturini cheklash va buning evaziga unga qo'yilgan iqtisodiy jazo choralarini bekor qilishga qaratilgan.