Eronga qarshi sanksiyalar va bugungi turizm

  • Amerika Ovozi

Eron Inqilobiy Gvardiyasi

Eron - qadim obida, san’at va madaniyat maskani. Bu davlatni zimdan atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblaydigan AQSh va G'arbning boshqa davlatlari unga nisbatan qator sanksiyalar joriy etgan. Cheklovlar aynan turizmga qaratilmagan, ammo bu sohaga ta’siri katta.

Nyu-Yorkda joylashgan “Absolute Travel” agentligi so’nggi 10 yil davomida amerikaliklarga Eronga sayohat qilish xizmatini ko’rsatib keldi. Agentlik egasi Ken Fish muvaffaqiyat siri haqida gapirar ekan, Eronda yaxshi sherik topa olganini aytadi.

“Men hamkorlik qilish uchun kompaniya tanlaganimdan so’ng ular bilan uchrashdim. Qo’l berib, “Keling, birga biznes qilaylik”, dedim. Mana 11 yildir-ki, biz hamon birga ishlayapmiz”,- deydi Fish.

Rial, Eron milliy puli

Turizm sohasi sanksiyalardan mustasno. Lekin turizm sohasida faoliyat yuritadigan AQSh kompaniyalari Eronga pul yubora olmaydi. Bank ko’chirmalari AQSh markaziy banki tomonidan tasdiqlanishi, bir tranzaksiya 10 000 dollardan oshmasligi kerak. Bunday vaziyatda Ken Fish kabi tadbirkorlar biznes yuritishning boshqa yo’llarini topishga majbur.

“Bu muammo emas. Biz Erondagi banklar bilan ishlamaymiz. Biz boshqa joyda, masalan Yevropa yoki Dubaida joylashgan banklar bilan ish yuritamiz”,- deydi Fish.

Banklarga vositachilik to’lovlarini to’lash kerak. Bu esa sof foydani kamaytiradi. Bundan tashqari Eronda kredit yoki debit kartochkalaridan foydalanish – jiddiy muammo.

Tehron bozorlarida

Sanksiyalar joriy etilganidan buyon Eronga olib kirilayotgan xorijiy sarmoya hajmi ancha kamaygan. Buning oqibatida ko’plab mehmonxonalar qurilishi to’xtab qoldi. Masalan, Kish orolida, deydi eronlik iqtisodchi Fariborz G’adar.

“Internetda Kish oroliga oid ma’lumotni qidirib ko’rsangiz, go’zal mehmonxonalar suratlarini topasiz. Ammo ular qurilmagan, faqat suratda bor. 5 yil oldin qurib bitilishi kerak edi bu mehmonxonalar”,- deydi G'adar.

Yevropalik tadbirkorlar Eronni tark etar ekan, ular o’rnini boshqalar, asosan xitoyliklar egallamoqda. Eron gaz va neft sohasiga sarmoya yotqizib, Xitoy tadbirkorlari turizmni ham rivojlantirmoqda.

Umuman olganda, Eron turizm sohasida o’sish kuzatilmoqda. So’nggi 5 yil ichida mamlakat bo’ylab 50 ta yangi mehmonxona ochilgan. Turizm sohasida ishlayotgan mahalliy fuqarolar aholining 2 foizini tashkil etadi.