Ahmadinajod Obama bilan yuzma-yuz gaplashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Ahmadinajod Obama bilan yuzma-yuz gaplashmoqchi

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod fikricha, Amerika hali ham bo’lsa islomiy respublika bilan aloqani yaxshilashi mumkin.

AQSh rahbari Barak Obama Eron bilan gaplashishga harakat qilib ko’rmadi, deydi Ahmadinajod. Murojaatlarimga javob olmadik, vaholanki, yuzma-yuz muloqot qilsak bo’lar edi, deydi u.

Eron rahbari kecha BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida Amerika, G’arb va Isroilni keskin tanqid qilib, pulga o’ch, bosqinchilik siyosatini qurol qilgan davlatlar, deya ta’rifladi va dunyoning jamiki muammolarida aybladi.

Uning aytishicha, qullik, jahon tarixida ikki yirik urush, narkotiklar savdosi va zaif davlatlarga bosim kabilar G’arbning qilmishi.

Bu mamlakatlar o’ziga nisbatan tanqidga chidab o’tirmaydi va xolokost, 11-sentabr fojeasi kabilarni shubha ostiga olgan davlatlarni sanksiya va qurol bilan jazolaydi, dedi Ahmadinajod.

O’z yadro dasturi haqida lom-mim demagan Eron rahbarining bu chiqishi paytida 30 dan ziyod mamlakat diplomati, jumladan, Amerika vakillari assambleya zalini takr etgan.

AQSh rasmiylari fikricha, Eron prezidenti o’z xalqi, ozodlik va xohishlari haqida so’zlash o’rniga, qulay fursatni g’azab va nafratga to’la so’zlarga sarflab, xato qilgan.