2014-yil Iroqda 2007-yildan beri eng qonli davr bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Sadr, Bag'dod

Iroq hukumati taqdim etgan raqamlardan ayon bo'lishicha, 2014-yilgi zo'ravonlik va xurujlar 15 mingdan oshiq tinch fuqaro va harbiyni hayotdan olib ketgan. 2007-yildan beri eng qonli davr bo'ldi bu yil, deydi rasmiylar.

Sog'liqni saqlash, ichki ishlar va mudofaa vazirliklari jamlagan hisobotda talofatlar soni 15 538 kishini tashkil etgani aytiladi. 2007-yilda sunniy-shia adovati avjiga chiqqan damda Iroqda 17 956 kishi nobud bo'lgan edi.

Iroqdagi ahvolni kuzatayotgan mustaqil guruhlarning hisobicha, o'tgan yili oddiy fuqarolar orasida talofatlar aslida 17 mingdan oshgan.

Bu yo'qotishlarga mazhablararo ixtilof va "Islomiy davlat" eng ko'p hissa qo'shgani ma'lum.

"Islomiy davlat" jangarilar hozir Iroqning besh viloyatida katta hududlarni nazorat qiladi.

Amerika boshchiligidagi xalqaro koalitsiya hozir jangarilarning Iroq va Suriyadagi manzillarini havodan bombardimon qilayapti.