Iroqning Kurdiston avtonomiyasi mustaqil davlatga aylanish uchun referendum o’tkazishni rejalayapti. Parlamentga saylov komissiyasini tuzish haqida ko’rsatma berilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Iroq sunniy ekstremistlar qurshovida ekan, Kurdistonning “peshmerga” deb ataluvchi kuchlari Kirkuk shahri va uning atrofini o’z nazoratiga olgan.
Muxtoriyat prezidenti Masud Barzaniy, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Iroqdan mustaqil bo’lish fursati yetganini aytadi.
“Suverenitet tomon intilishimiz tabiiy, bunga haqlimiz. Hozirgi sharoit ham bunga yo’l ochayapti”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar Kurdiston Iroqdan ajralishini hech qachon yoqlamagan. “Iroq yaxlit bo’lsagina kuchli davlat bo’la oladi”, - deya ta’kidlaydi Davlat departamenti rasmiylari.
Ammo Kurdiston rahbarlari Vashington bilan til topishish uchun o’z strategiyasiga ega.
“Ular urush natijasida Iroq parchalanib ketayotgani, bu sharoitda Kurdiston o’z taqdirini o’zi hal qilishga majbur bo’lishini da’vo qilmoqda”, - deydi tahlilchi Bill Park.
Prezident Masud Barzaniy Iroqdagi ahvolni qo’rqinchli deb tasvirlaydi. “Ming kilometrlik chegarada terrorist va radikal guruhlar bilan yuzlashib turibmiz. Iroq endi avvalgi holatiga qaytishi gumon”, - deydi u.
Barzaniy mustaqillik masalasini AQSh, Yevropa va boshqa taraflar bilan ham muhokama qilganini aytadi. “Hozir ilgarigidek keskin qarshilik yo’q, vaziyatni hamma tushunib turibdi”, deydi u.
Ammo Kurdiston hukumati ehtiyotkorlik bilan qadam bosgani ma’qul, deydi tahlilchi Bill Park. Amerika, Turkiya va Eron kabi ittifoqchilarning maslahati, qolaversa, kurd xalqining xohish-istaklari inobatga olinishi zarur.
Ko’plab boshqa ekspertlar yuqoridagi fikrga qo’shiladi: Kurdistonda nima bo’lishidan qat’i nazar Iroq endi avvalgi holatiga qaytishi gumon.
O’tmishda kurdlar va sunniylar bilan muloqotda bo’lgan Sem Patten deydiki, Bag’doddagi hukumat va viloyatlar o’rtasida munosabatlar tubdan o’zgaradi. Hukumat nazoratni boy bergan hududlar ko’proq avtonomiya talab qilishini kutsa bo’ladi, deydi u.
Iroqning qator shaharlarini bosib olgan sunniy jihodchilar yaqinda islomiy davlat e’lon qildi. Kurdlar ham Iroqda vujudga kelgan vaziyatdan foydalanib, o’z davlatini barpo etishga kirishmoqda.