Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiyning aytishicha, AQSh qo’shinlari rejaga ko’ra kelasi yil mamlakatni butunlay tark etadi.
Bu muhlatni uzaytirish niyatimiz yo’q, Iroqni o’zimiz himoya qilishga qodirmiz, deydi u.
AQShning The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida, yaqinda ikkinchi muhlatga saylangan Bosh vazir Malikiy “Qo’shma Shtatlar bilan erishilgan bitimga tuzatish kirilmaydi” dedi. Tugal sanadan keyin Amerika askarlari Iroqni bo’shatib qo’yadi.
Iroqda siyosiy bahs uzoq davom etib, hukumat tuzish birmuncha cho’zildi. Aholi orasida xavotir kuchayib, xorij qo’shinlari qolsa kerak, degan taxminlar tez-tez yangray boshlagan edi.
Ikki yil oldin Iroq va AQSh rahbariyati ma’qullagan kelishuvga ko’ra, amerikalik zobitlar 2011 yilda vatanga qaytishi kerak. Obama ma’muriyati rejaga qat’iy amal qilamiz, deydi.
AQSh rahbarining buyrug’i bilan zobitlar asta-sekin uyga jo’namoqda. Hozir Iroqda ular soni 50 mingdan kam. Aksariyat shaharlarda birorta amerikalik harbiy qolmagan.
The Wall Street Journal bilan suhbatda Malikiy Eron bilan aloqalar xususida ham gapirdi. Ayrimlar taxmini shuki, shia bosh vazir rahbarligi ostida Iroq Eron bilan yaqinlashishi aniq. Biroq Malikiy xoh u Eron, Turkiya yo Arab dunyosi bo’lsin, Iroq hech kimga itoat qilib yashamoqchi emas, deydi.
Malikiy Eronga xayrixoh shia jangari guruhlari, jumladan, AQShga qarshi qarashlari bilan tanilgan peshvo Muqtada al-Sadr bilan kelishib ishlashga harakat qilmoqda. Bu guruhlar Iroq siyosatida ishtirok eta boshlagan.
Gazeta AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden bilan ham suhbat o’tkazgan. Baydenning aytishicha, Iroqda bahorgi saylovlar paytida Eron ta’sir kuchini oshirishga uringan, biroq buning uddasidan chiqmagan.
Bosh vazir Malikiy sunniy, shia va kurd partiyalari bilan til topishib, davlatni birga boshqarishga va’da bermoqda. Biroq xavfsizlik kabi muhim sohalarga Muqtada al-Sadr va uning tarafdorlari yo’latilmayapti. Jo Bayden nazarida bu to’g’ri qaror.
AQSh-Iroq bitimiga ko’ra, ikki davlat mudofaa, energetika, madaniyat va qator boshqa sohalarda hamkorlikni davom ettiradi. 80 nafar amerikalik harbiy esa Iroq qurolli kuchlariga maslahat, treyning bilan yordam berib boradi.