Iroq shia rahbariyati sunniylar isyoniga toqat qilmoqchi emas

  • Amerika Ovozi
Iroqning shia Bosh vaziri Nuri al-Malikiy ozchilikdagi sunniylarning norozilik namoyishiga toabad chidab o’tirmoqchi emas, lekin murosa yo’lida bir necha ayol mahbusni qo’yib yuborishga rozi.

Bir haftadan oshibdiki, minglab sunniylar bosh ko’tarib, Malikiy hukumatini sunniy mazhabidagi fuqarolarni kamsitishda, shia qo’shni Eronning ta’siriga tushganlikda ayblab, tanqid qilayapti.

Mojaro endi-endi oyoqqa turayotgan Iroqni yana mazhablararo adovat gidobiga tortishi mumkin.

Ayni damda elatlar va diniy guruhlarni birlashtirib turgan kurd prezident Jalol Talaboniy insultdan keyin Germaniyada davolanmoqda.

Namoyishlar o’chog’i g’arbdagi sunniylar manzili Anbar viloyati bo’lib, omma qo’shni Iordaniya va Suriyaga yetaklovchi muhim trassani to’sib qo’ygan.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy chiqishlarni konstitutsiyaga zid va bunda xorij kuchlarining qo’li bor, deb hisoblaydi.

“Isyonni bir zumda tugatish, yo’llarni ochish qo’limizdan kelmaydi, deb o’ylamang. Sabr-toqat bilan ish ko’rayapmiz, lekin namoyishlar tinimsiz davom etishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi u.