Iraq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy AQShga yo’l olmoqda. U Prezident Barak Obamadan Iroqqa havodan ko’rsatiladigan yordamni kuchaytirish hamda “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash uchun bir necha milliard dollarga teng qurol-aslaha berishni so’raydi.
Dushanba kuni Abadiy AQSh Iroqqa yordamni oshirganini aytar ekan, “bizga bundan-da ko’proq yordam kerak”, dedi. Rasmiy Bag’dod mamlakatning o’tgan yili isyonchilar qo’liga o’tgan hududlarida qayta nazorat o’rnatishga intilmoqda.
“Biz Iroqda terrorchilarga qarshi yuzma-yuz kurashyapmiz. Terrorizm nafaqat Iroq, balki butun mintaqa va dunyo uchun tahdiddir, - dedi Iroq rahbari. – Biz terrorizmni yo’q qilishda xalqaro yordamga muhtojmiz. Jangarilar neft va antiqa narsalarni sotib, pul qilmoqda. Iroq qonini so’rishda davom etayotgan terrorchilarning barcha jinoiy harakatlariga chek qo’yishda bizga xalqaro hamjamiyat madadi kerak”.
Abadiy 14-aprel kuni Oq uyda Prezident Obama bilan uchrashadi. Bu uning Iroq bosh vaziri sifatida AQShga ilk tashrifi. Iroq “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurash olib borayotgani va neftdan yetarlicha daromad olmayotgani sababli moliyaviy madadga muhtoj. Shu bois Abadiyning AQSh rahbariyatidan qurol-aslaha uchun to’lovni kechga surishni so’rashi kutilmoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Amerika rasmiylari “barcha iltimoslarni ko’rib chiqadi”, deb aytdi.
Bir necha oydan beri Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ning Iroq va Suriyadagi istehkomlarini bombardimon qilib keladi, Iroq qo’shinlari uchun qurol-aslaha ajratib, treninglar o’tkazmoqda. Ammo Prezident Obama Iroqqa qo’shinlar yuborishga qarshi. U bu mamlakatga 3000 askar yuborgan, biroq ularning vazifasi jang olib borish emas, balki Bag’dod armiyasiga maslahat berish va mashqlar o’tkazishdan iborat.
Iroq qo’shinlari so’nggi haftalarda Tikrit va ayrim boshqa hududlarni jangarilardan tortib olishga muvaffaq bo’ldi. Ammo Nineva va Anbar viloyatlarida hamon terrorchilar hukm surmoqda.