Dekabr oxirida AQSh qo’shinlari Iroqdan olib chiqilganidan buyon mamlakat bo’ylab bombardimon va hujumlar oqibatida kamida 270 odam halok bo’lgan. Ayni vaqtda hukumat ichki mojarolardan nariga o’ta olmayapti.
Tahlilchi Ranj Alaaldin Bag’doddagi siyosiy tarqoqlikni eng jiddiy tahdid deb hisoblaydi.
Alaaldin fikricha, aynan shu tarqoqrlik Iroqdagi jangari guruhlarga qo’l kelmoqda. Ular hukumatga qarshi jiddiy hujumlar uyushtirishga muvaffaq bo’ldi.
Al-Qoida bilan aloqalar
Sunniylardan tarkib topgan va “Iroq Islomiy davlati” deb nomlangan guruh 2011-yilning 22-dekabr kuni Bag’dod yaqinida katta bir xurujni amalga oshirib, 70 odamni, asosan shialarni o’ldirdi.
15-yanvar kuni aynan shu guruh Ramadiy shahrida hukumat binosiga qarshi hujumlar uyushtirdi. 7 politsiyachi halok bo’ldi.
Ranj Alaaldin fikricha, guruh shialarni nishonga olib, mamlakatda fuqaro urushi boshlamoqchi.
Biroq dekabrdan buyon amalga oshirilgan hujumlar uchun al-Qoida javobgar emasga o’xshaydi.
Ranj Alaaldin bu xulosaga qo’shiladi va shuni ta’kidlaydiki, Iroqda yagona bir terror tashkiloti faoliyat olib bormoqda deyish noto’g’ri.
“Iroqda qurol-aslaha va bombalar talay. Ulardan foydalanish, bozormi yoki boshqa joyda tinch aholiga qarshi ishlatish juda oson”.
Ayrim hujumlar radikal shialar yetakchisi Muqtada al-Sadrdan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan, boshqalari esa Eron qo’llab-quvvatlovchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan, deydi Alaaldin.
Iroq xavfsizlik kuchlari
Vashingtondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar markazi tahlilchisi Entoni Kordesman fikricha, Iroq xavfsizlik kuchlarining hujumlarga aloqasi bo’lishi mumkin:
“Iroqda taxminan 600 ming askar bor. Ularning ba’zilari terrorchi guruhlarga aloqador, bu shubhasiz”.
Biroq bu bilan Iroq hukumati zo’ravonlikka qo’l urayapti deya olmaysiz, deydi Kordesman.
Mariya Fantappay fikricha, Iroq qo’shinlari va politsiyasi AQSh harbiylari yordamida hujumlarning oldini olishni o’rgandi, mamlakatda xavfsizlik tizimi barpo etildi. Biroq xavfsizlikni ta’minlashga to’siq bo’layotgani omillar bor, jumladan siyosiy o’yinlar va tarqoqlik.
Xavfsizlikka tahdid bo’layotgan siyosat
Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy 2010-yil dekabr oyidan buyon armiya va politsiyani to’la nazorat qiladi. U rasman mudofaa, ichki ishlar vazirliklari hamda xavfsizlik xizmati rahbari.
Tahlilchi Kordesman fikricha, Malikiy ushbu uch vazirlikdagi asosiy lavozimlarni o’z tanish-bilishlari va do’stlariga berib, tizimni zaiflashtirdi. Korrupsiya mamlakatda jiddiy tus olgan.
Bosh vazirga muxolifatda bo’lgan guruh - Iroqiya alyansi tarafdorlari ko’paymoqda.
Alyans 2010-yilgi parlament saylovlarida g’alaba qozongan, biroq Malikiy boshchiligidagi Milliy ittifoq bilan hamkorlik qila olmadi. So’nggi paytda ikki guruh o’rtasidagi ziddiyat avj olgan.
“Iroqda hukumatdan haydalgan va siyosatda ovozini yo’qotgan alamzada odamlar ko’paymoqda. Bu esa zo’ravonliklarga olib kelishi mumkin”, - deydi Mariya Fantappay.