"Islomiy davlat" terror guruhi Iroq shimolidagi Mosul shahrini "do'zax aylantirish niyatida" va buning uchun qo'lbola kimyoviy qurolni qo'llashdan qaytmaydi.
Jangarilar bu shaharni o'z xalifaligining poytaxti deb biladi. Iroq va kurd armiyasi shaharni ozod etish harakatida ekan, Amerika harbiylari nazarida jangarilar ommaviy qirg'in qurolidan zo'r berib foydalanish arafasida.
"Real xavf haqida gap ketmoqda. Jangarilar qarori qat'iy", - deydi Pentagon matbuot kotibi Jeff Deyvis. "Islomiy davlat" ommaviy qirg'in qurolidan foydalangan yoki foydalanishga harakat qilgan ikki misolni dalillar asosida keltira olamiz, deydi u.
Shu paytgacha buning asoratlari katta emas edi, deydi Pentagon so'zlovchisi. Qo'lbola bu qurol o'limga yetaklamaydi, jismonan ziyon qiladi, xolos, deydi u.
Jangarilar xantal gazi, yog' qorishmasini raketa va boshqa snaryadlarga joylab qo'llaydi. Natijada teri kuyishi, ko'z, o'pka va boshqa ichki organlar shikast yeyishi mumkin.
Qo'shma Shtatlar bu xavfni jiddiy qabul qilmoqda. Hududga safarbar qilingan Amerika mutaxassislari va ittifoqchilar o'zlarini mudofaa qilish uchun mashqdan o'tmoqda.
Pentagon Iroq armiyasini 40 mingdan ziyod, maxsus kuchlarini yana 1500 dona protivogaz bilan ta'minlagan.
Shu bilan birga, o'tgan oy koalitsiya "Islomiy davlat"ning kimyoviy qurol yasaladigan manzillarini bombardimon qilgan.