”Islomiy davlat” to’dasi mag’lub etildi, ammo yo’q bo’lmadi

  • Amerika Ovozi

Bir paytlar Iroq va Suriyada 7 milliondan ziyod odam yashovchi 100 ming kvadrat kilometrlik hududni boshqargan “Islomiy davlat” jangari to’dasi to’rt yil oldin Iroqda, uch yil oldin Suriyada mag’lubiyatga uchradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-dekabr, 2021-yil

Katta hududdan ayrilgan guruhning oldingiday harbiy harakatlarni olib borish salohiyati yo’q endi. Biroq Daish bomba xurujlari va kichik hajmdagi hujumlar orqali odamlarni vahimada ushlab turishda davom etyapti.

“Islomiy davlat” terrorchi tashkilot sifatida yo’q bo’lib ketmagan. Davomiy urush, davomiy jihod olib borishga shay”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma tashkilotidan Tomas Joselin.

Tahlilchiga ko’ra, Daish Iroq va Suriyada ildizi bilan yo’q bo’lmagan, Afrika va Afg’onistonda ham sho’balariga ega. Afg’onistonda hokimiyat Tolibon qo’liga o’tgani bilan “Islomiy davlat” deyarli har bir viloyatga tarqalgan.

“Nazarimda, Qo’shma Shtatlar jihod ishini yetarlicha baholamay kelgan. Siyosiy va harbiy rahbariyat hamda boshqalar uzoq kurashga tayyor bo’lmagan, dushmanni o’zi xohlagandek ko’rib kelgan”, - deydi Joselin.

Sobiq prezident Barak Obama “Islomiy davlat”ni avvaliga jiddiy qabul qilmagan, mensimagan, biroq keyin Iroq va Suriyaga ularga qarshi minglab askarni safarbar etishga majbur bo’lgan.

Yana bir sobiq rahbar Donald Tramp esa qo’shinlarni Suriyadan ikki bor chiqarmoqchi bo’ldi, biroq terrorchi guruhga qarshi jang qilayotgan ittifoqchilarni qo’llab-quvvatlash uchun askarlarni qayta kiritishga qaror qildi.

AQSh harbiylari sonini qisqartirishi bilan bir paytda Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi jang qilayotgan xalqaro koalitsiyaning roli ham qisqara bordi.

“Bugunga kelib missiya ancha kichraygan. So’nggi ikki yilda AQSh qo’shinlari 66 foizdan ko’pga kamaydi”, - deydi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi, polkovnik Mayls Kaggins.

Iroqda xizmat qilayotgan taxminan 2500 askar Iroq harbiylari va peshmerga deb nomlanuvchi kurd kuchlarini razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlamoqda, operativ rejalashtirish ishlarida yordamlashmoqda.

Suriyadagi salkam bir ming amerikalik qo’shin esa, asosan, kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlariga jihodchi guruh qoldiqlarini topishda, neft inshootlari kabi muhim infratuzilmani himoya qilishda ko’maklashmoqda.

Daishga qarshi xalqaro koalitsiyada matbuot kotibi sifatida ishlagan polkovnik Kagginsning aytishicha, Suriyaning AQSh kuchlari bor hududlarida terrorchilar faol emas, jiddiy hujum uyushtirishga ojiz.

“Suriya rejimi nazoratidagi rayonlarda esa “Islomiy davlat” qarshilik ko’rsatib turibdi, terror xurujlari uyushtirib turibdi. Askarlarimiz kichik sonli bo’lsa-da – atigi bir necha yuz odam - qo’shinlarimizning borligi, davomiy hamkorligimiz xalqaro miqyosda katta foyda keltirmoqda”, - deydi mutaxassis.

Ko’p sonli jangarilar va oila a’zolarining haddan ziyod to’lgan qamoq lagerlarida saqlanib turishi “Islomiy davlat” hududlarini boy berganidan beri xavotirga sabab muammolardan biri bo’lib qolmoqda.

“Daish e’lon qilgan xalifalik endi qafas bilan o’lchanmoqda. “Islomiy davlat”ning 10 mingdan ziyod jangarilari qamoqda – Suriya shimoli va sharqida ularni Suriya demokratik kuchlari qo’riqlab turibdi”, - deydi Kaggins.

Mahbuslarning aksariyati iroqlik va suriyalik, qolgani 60 dan ziyod mamlakat fuqarosi. Ularni nazorat qilayotgan suriyaliklar lagerlar keyingi avlod jangarilarini tayyorlovchi maskanga aylanishidan oldin Iroq va boshqa mamlakatlardan ularni olib ketishni so’ramoqda.