"Islomiy davlat" Bag'dodga yaqinlashgan, aholi xavotirda

  • Amerika Ovozi

Iroqning "Al-Abbos" qismlarining shia jangchilari, Ramadi

Iroq xavfsizlik kuchlari Anbar viloyatida "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashmoqda. Viloyat ma'muriy markazi Ramadi Iroq poytaxti Bag'doddan 110 kilometr narida bo'lib, jangarilar yutuqlari Bag'dod aholisini vahimaga solmoqda.

"Islomiy davlat" qo'shinlari Hadicha va Bag'dodiy shaharlarini qurshab olgan, Falluja va Xolidiya shaharlariga ham hujum qilmoqda, Ramadi jangarilar nazoratida.

Qabilaviy jangchilar Iroq qo'shinlariga yordam bermoqda, ammo qurol omborlari jangarilar qo'liga o'tgan, armiya va politsiya qochib, harbiy transportni ham "Islomiy davlat" egallagan.

O'tgan yili Mosul va Salohiddin viloyatlari ham jangarilarga boy berilgan edi. Anbarda ham "Islomiy davlat"ning qo'li baland kelar ekan, Bag'dod aholisi asabiylashmoqda, hukumatga ishonch pasaymoqda.

Iroq Vitse-prezidenti Ayad Allaviy AQSh yetakchiligidagi koalitsiya havo zarbalari samara bermayotganidan, "Islomiy davlat"ga qarshi effektiv strategiya yo'qligidan shikoyat qilgan.