Bing'ozida AQSh konsulligiga hujumda ayblangan jangari yo'q qilindi

  • Amerika Ovozi

AQShning Bing'ozidagi konsulligi, 2012

Qo'shma Shtatlar o'tgan hafta Iroq shimolida amalga oshirgan havo hujumida "Islomiy davlat"ning yirik vakilini yo'q qilgan.

Bu shaxs 2012-yilda Liviyaning Bing'ozi shahrida AQSh konsulligiga hujumga aloqador ekani aytiladi. O'shanda amerikalik to'rt fuqaro, jumladan, elchi Kristofer Stivens o'lgan edi.

Pentagon matbuot kotibi, polkovnik Stiv Vorrenning aytishicha, Mosulda 15-iyun kungi havo hujumida Ali Avni al-Harzi nobud bo'lgan. U "Islomiy davlat"ning Afrika shimoli va Yaqin Sharqdagi bo'limlari bilan yaqindan ishlagan.

Polkovnik Vorren al-Harzini Bing'ozi fojeasi yuzasidan qidirilayotgan shaxs deya ta'riflaydi.

Uning o'limi "Islomiy davlat" to'dasining Afrika shimolidan odam yollash va Suriya hamda Iroqqa jo'natish salohiyatini zaiflashtiradi, deydi Pentagon rasmiysi.

Al-Harzi shu yilning boshida Davlat departamentining terrorchilar ro'yxatiga tushgan edi. U 2011-yilda Tunisda jangarilar safiga qo'shilgan va shundan beri jangarilar va qurol-aslaha qatnoviga ko'z-quloq bo'lib turgan.