Isroil va Kaliforniya qurg'oqchilik masalasida tajriba almashmoqda

  • Amerika Ovozi

California Drought

Isroil qurg’oqchilikka o’rgangan mamlakat. Bu yerda suv taqchilligi uzoq tarixga ega. Kaliforniyada qurg’oqchilik to’rt yildan beri davom etadi. Sakramento yahudiylari Kaliforniya va Isroil o’rtasida suvni taqsimlashda tajriba, texnologiya va bilim almashishga bag’ishlangan tadbir tashkil etdi.

“Suv mamlakatlarni bir-biridan ajratib qo’yadigan zaxira, deb hisoblayman”.

Alan Adar Isroilning Negev cho’lida joylashgan Ben-Gurion universiteti qoshidagi Zukerberg Suv tadqiqotlari instituti rahbari. Suv bilan o’rtoqlashish kerak, deydi u. Shu bois olim Isroil va Kalirofniya o’rtasida qurg’oqchilik davrida suvni taqsimlashga oid tajriba almashishga bag’ishlangan ilmiy konferensiyada qatnashishga qaror qildi.

Bunday tadbir o’tkazish taklifi bilan Sakramento bilan birodarlashgan Ashkelon shahri chiqdi, deydi Yahudiylar federatsiyasi prezidenti Barri Brod.

“Kaliforniyada hozir suv taqchilligi kuzatilmoqda, kuchli qurg’oqchilik. Isroil esa bu sohada ilg’or texnologiyani ishlab chiqqan. Shu bois biz ikki birodar shahar o’rtasida shunga bag’ishlab tadbir o’tkazish ayni muddao, dedik. Isroildan ekspertlarni bu yerga olib kelamiz. Isroilda quruq iqlim - doimiy fenomen. Ulardan nima qilishni o’rganish mumkin”, - deydi olim.

Kaliforniyada yuz minglab odamlar suv uchun belgilangan narxda pul to’laydi. Qancha suv ishlatishidan qat’i nazar, to’lov hamma uchun bir.

Adarning aytishicha, Isroilda neft va gaz kabi suvni ham davlat idorasi taqsimlaydi. Bu milliy zaxira hisoblanadi. Qancha ko’p ishlatsa, fuqarolar suv uchun shuncha ko’p to’laydi.

“Bizda suvni sotib olayotganda xuddi tovar uchun pul to’lagandek, to’laymiz. Suvni yetkazib berishlari va so’ngra uyimda ishlatishim uchun to’layman. Muvaffaqiyat kaliti ham aynan shunda deb oylayman”, - dydi Adar.

Isroilda suvni sho’rsizlantiradigan beshta zavod bor. Xonadonlar, qishloq xo’jaligi va sanoat sohalari uchun suv hajmining yarmidan ko’pi sun’iy ravishda ishlab chiqiladi.

“Ayyeka” texnologiya kompaniyasidan Sivan Koenning aytishicha, Isroil har bir tomchi suvni nazorat qilgani uchun ham inqirozga yuz tutmaydi.

“Isroilda suv infratuzilmasi orqali umumiy suv hajmining sakkiz foizi yo’qoladi. Bu boshqa davlatlarga qaraganda ancha kam. Kaliforniyada bu ko’rsatkich joyiga qarab 16-30 foizga teng. Ayrim mamlakatlarda 40-60 foiz. Demak, suvning yarmi iste’molchiga yetib bormaydi”, - deydi u.

Kaliforniyada suv taqchilligi hali to’la jilovalanmagan.

San Diego yaqinidagi suvni sho’rsizlantirish zavodi yaqinda ishga tushadi. Shtat gubernatori Jerri Braun suv ishlatishni 25 foizga kamaytirish haqida buyruq chiqardi. Noyabrda suv muammosini batamom hal etish uchun pul tejash rejasi qabul qilindi.

Adar fikricha, Kaliforniyaning surunkali suv muammosini hal etish texnologiyadan tashqari siyosatga ham bog’liq. Shtat janubida joylashgan va suvga muhtoj shaharlar shimoldan suvni ularga uzatishni talab qiladi.

Kaliforniya Senatining sobiq prezidenti, yaqinda suvga oid muzokaralarni boshqargan Derril Staynberg bunday yondashuv o’zgarishi kerak, deydi.

“Gap shundaki, suvni taqsimlay olmaymiz. Bu bir shtat, axir. Suv hajmi kamaygan. Aholi soni oshgan. Vaqt o’tgan sari bir yoqadan bosh chiqarib muammoni hal etishga bel bog’lamasak bo’lmaydi”, - deydi u.

Mutaxassislarga ko’ra, buning iloji bor. Vaholanki, Isroilga qaraganda Kaliforniyada jon boshiga ko’proq suv to’g’ri keladi.