Isroil G’azoga yo’nalgan yana bir gumanitar kemani qo’lga olgan

Isroil dengiz kuchlari G’azo sektori tomon yo’nalgan yana bir gumanitar kemani qo’lga olgan.

Falastinliklarga 20 tonna yordam olib ketayotgan, Irlandiyaga qarashli “Rachel Corrie” kemasi harbiylarning ogohlantirishiga javob bermagach to’xtatilgan. Isroilning Ashdod portiga olib kelinib, tekshrilmoqda.

Kema bortidagi 19 faol va ekipaj a’zolari harbiylarga qarshilik ko’rsatmagani aytiladi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu operatsiya tinch yakun topganini olqishlagan.

Rasmiylarning aytishicha, kemadagi irlandiyalik va malayziyalik faollar so’roq qilinadi, musodara qilingan yuk tekshiruvdan o’tgach, G’azoga jo’natiladi.

Isroil blokadasini yorib o’tishni maqsad qilgan gumanitar kampaniyani Kiprda asoslangan “Erkin G’azo Harakati” nomli guruh tashkillashtirgan. Bu sektor aholisiga yordam yetkazish uchun ikkinchi urinish edi.

31 may kuni xalqaro suvlarda Isroil armiyasi bilan to’qnashuvda to’qqiz faol halok bo’lgan, deyarli barchasi Turkiya fuqarolari. Rasmiy Anqara gumanitar karvonga qilingan hujumni qoralab, yahudiy davlati bilan aloqani uzishini va hatto xalqaro sudga arz qilishini aytmoqda.

G’azo sektori 3 yildan beri blokada ostida. BMT Inson Huquqlari Kengashi rahbari Navi Pillay fikricha, Isroil joriy etgan qamal xalqaro qonunlarga zid bo’lishi mumkin. “Butun boshli tinch aholini ochlikka mahkum etish, bu usuldan urush quroli sifatida foydalanish taqiqlangan”, - deydi u.

Qator davlatlar, jumladan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroildan blokadani bekor qilishni talab qilmoqda. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra G’azoda iqtisodiy ahvol og’ir.